Ilk bor “Oʻzbek tilidagi sport atamalarining izohli lugʻati” yaratildi

    Oʻzbekistonda ilk bor “Oʻzbek tilidagi sport atamalarining izohli lugʻati” yaratildi. Yangi lugʻat soha mutaxassislari, talabalar va jurnalistlar uchun qimmatli manba boʻladi.

    Lugʻat Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Fanlar akademiyasi oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida tayyorlangandi, deb xabar bermoqda OʻzA.

    Nashrda Oʻzbekistonda keng ommalashgan 20 ga yaqin sport turiga oid minglab atamalar ilmiy asosda izohlangan. Jumladan, futbol, shaxmat, boks, taekvondo, karate, badiiy gimnastika, qilichbozlik, yengil va ogʻir atletika, ot sporti kabi yoʻnalishlar qamrab olingan.

    Taʼkidlanishicha, mazkur lugʻat oʻzbek tilida sport atamalarini tizimli ravishda jamlagan, ilmiy asosda izohlagan birinchi mukammal nashr hisoblanadi. Unda nafaqat sport, balki uning tarixi, inventari, federatsiyalar va tashkilotlar nomlari ham oʻz aksini topgan.

    Ushbu loyiha Prezidentning 2020-yil 20-oktyabrdagi “Oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2022-yil 3-noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni talablariga muvofiq amalga oshirildi.

    filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Muxlisa Sobirova, bu lugʻat sport mutaxassislari, universitet talabalari, jurnalistlar va tilshunos olimlar uchun qimmatli qoʻllanma boʻlishini taʼkidladi.

    Kitobning uning raqamli shakllari ham ishlab chiqildi: www.sportatamalari.uz veb-sayti va “Sport atamalari” mobil ilovasi foydalanish uchun ochib qoʻyildi.