Ilk bor rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasini aniqlash test sinovlari o'tkazildi

    Davlat test markazi tomonidan Toshkent shahri va hududlarda ilk bor rahbar kadrlar va mas'ul lavozimga tayinlanadigan shaxslar uchun test sinovlari tashkil etildi.

    Ushbu test sinovi Vazirlar Mahkamasining “Rahbar kadrlar va mas'ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo'yicha daraja sertifikatini berish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”dagi qarorida belgilangan topshiriqlarga binoan tashkil etilib, nizom talablari asosida o'tkazildi.

    Imtihon davomida talabgorlarning davlat tilini bilish darajasi, publitsistik, ilmiy-ommabop va rasmiy matnni o'qib tushunish, o'zbek tilining yozma adabiy me'yorlaridan — imlo qoidalarini to'g'ri qo'llay olishi, so'z va qo'shimchalardan to'g'ri foydalana bilish hamda tinish belgilarini o'z o'rnida ishlata olish, shuningdek, fikrlarini yozma bayon qilish, topshiriqqa ko'ra mos rasmiy hujjat matnini tayyorlash kabi ko'nikmalari tekshirildi.

    Test sinovi natijalari 15 ish kuni ichida Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali e'lon qilinadi.

    Birinchi marotaba o'tkazilgan bunday sinovlar mamlakatimizda islohotlarning jadalligi tarmoq sohalarida takomillashuv va taraqqiyot, xalqimizning farovonligi, iqtisodiy barqarorlik, xalqaro modellar, talablar asosida ta'lim olishning joriy etilayotgani va boshqa dolzarb masalalarda erishilayotgan yutuqlar bilan baholanayotgan hozirgi davrda tarmoqlarning boshqaruv tizimida faoliyat yuritayotgan rahbar kadrlar va lavozimga tayinlanadigan shaxslar ham shu yutuqlarga mos, uning talablariga javob bera olishi, eng avvalo, mamlakatimizda davlat tili — ona tiliga e'tibor kuchayib borayotganining natijasidir.