Eng buyuk xilqat deya atalgan inson va uning manfaatlari barcha narsadan ustun sanalgan yangi O'zbekistonning baxtli fuqarolarimiz!
O'zbekistonning katta va bebaho xazinasi hisoblangan yoshlar taqdiri ishonib topshirilgan pedagoglar vakiliman. Hozirda hech bir soha yo'qki, islohotlar chetlab o'tayotgan bo'lsa. Ta'lim-tarbiya masalasi bu sohalar orasida hamisha oldingi saflarda ekani bizni quvontiradi, faxr bag'ishlaydi. Maktab ta'limini tubdan yangilash va sifatini yaxshilash, biz, muallimlarga yetarli sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar yanada shijoat bilan ishlashimizga undaydi. Yurtboshimizning “Yangi O'zbekiston – maktab ostonasidan, ta'lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, deya yuksak e'tirof etgani va alohida e'tibor bergani samarasi o'laroq, ayni tizimda yuksalishlar davri boshlandi.
So'zim isboti uchun o'zim faoliyat yuritayotgan ta'lim maskanini misol keltirmoqchiman. Uchqo'rg'on tuman ixtisoslashtirilgan maktabi O'zbekiston Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi 106-sonli Farmoni bilan Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimida o'tgan yili 5-sentyabrda Namangan viloyatida birinchilardan bo'lib foydalanishga topshirildi. Mana, ilk o'quv yilimizni ortda qoldirdik. Qisqa muddat bo'lsa-da, yutuqlarimiz basma-bas bo'y ko'rsatayotganidan juda mamnunmiz.
Xususan, 21 nafar bitiruvchimizdan sakkiz nafari xalqaro til bilish darajasini belgilovchi IELTS sertifikatlaridan yuqori ballarni qo'lga kiritib, muddatidan avval talaba bo'lishdi. Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligining STEAM fan olimpiadasida olti nafar o'quvchimiz viloyat bosqichida va bittasi respublikada g'olib bo'lishdi. Jumladan, 5.02-sinf o'quvchisi Komila Mirzomiddinova matematika fanidan respublikada 1-o'rinni olib, Agentlik tomonidan munosib taqdirlandi. 5.01-sinf o'quvchisi Xondamir Baxtiyorov informatika fanidan, 6.02-sinf o'quvchisi Abdumo'min Abdupattayev matematika fanidan kuchli o'ntalik tarkibiga kirib, xalqaro fan olimpiadasida qatnashish uchun O'zbekiston terma jamoasiga qabul qilindi. 5.03-sinf o'quvchisi Marjona Abdumannopova ingliz tilidan HIPPO, 5.01-sinf o'quvchisi Shohjahon Abdujabborov va 7.01-sinf o'quvchisi Humoyun G'ofurovlar SPELLING BEE xalqaro olimpiadalarida respublikada o'tkaziladigan yarim final bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'lishdi.
Bilim dargohimizdagi o'quvchi va o'qituvchilar, nafaqat fan bobida, balki “Besh muhim tashabbus” doirasida uyushtirilgan turli ma'naviy-ma'rifiy tanlovlarda ilg'orlik qayd etdilar. Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi Ibn Sino nomidagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktabi tashkil etgan “Bobur kabi seving Vatanni” tanlovida kamina yo'nalishlararo respublikada 1-o'ringa, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining “O'zbegim Zulfiyasi” tanlovida dars ishlanmam 3-o'ringa loyiq topildi.
7.01-sinfdagi yosh kitobxon o'quvchimiz Asila O'ljaboyeva “Navoiy izdoshlari” tanlovida, harbiy to'garagimiz a'zolaridan tuzilgan “O'zbegim o'g'lonlari” jamoasi “Yosh gvardiyachilar” tanlovida viloyat g'olibiga aylanishdi. “O'zbegim Zulfiyasi” tanlovida 9.01-sinf o'quvchisi Zahro Olimjonova she'riyat yo'nalishida respublikada 1-o'rinni egallagani biz uchun iftixordir. Yaqinda bir qator qalamkashlarning ijod namunalari bosilgan “Yoniq yuraklar” nomli to'plamdan joy oldi. Maktabimizning ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchisi Muhayyo Sultonova, 9.01-sinf o'quvchisi Zahro Olimjonova, 7.02-sinf o'quvchisi Muazzam Nabijonovalarning qalb qo'ridan, yurak to'ridan to'kilgan satrlari kitobxonlarga yoqadi, degan umiddamiz.
Albatta, yuqoridagi ilk natijalarning bari to'g'ri va odilona islohotning mevasidir. Atrofga boqaman, kasbdoshlarim chehralaridagi mamnunlik, ko'zlaridagi masrurlik, tillaridagi minnatdorlik dilimni shukronalik hissiga to'ldiradi. Biz uchun atalgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda buyuk tarix, madaniyat va ma'naviyat egasi bo'lgan millatimizning bir farzandi sifatida, ana shu qimmatbaho boylikni asrab-avaylash, yosh avlodlar qalbida ona Vatanga muhabbat, o'z xalqiga sadoqatni tarbiyalashga, ko'nglida tarix va adabiyotga, ona tiliga hurmatni shakllantirishga hissamizni qo'shish oliy maqsadimizdir. Zero, Hazrat mir Alisher Navoiy ta'kidlaganidek:
Davron elining jismida ham jon bo'lg'il,
Ham jonlarig'a moyai darmon bo'lg'il.
Sarvinoz ABDULLAYEVA,
Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi Uchqo'rg'on tuman ixtisoslashtirilgan maktab direktorining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari