Ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish uygʻunligida yangi sahifa

    Prezidentimizning shu yil 24-yanvardagi “Namangan davlat texnika universitetini tashkil etish tugʻrisida”gi qarori mintaqamizda ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash orqali rivojlanishning yangi bosqichiga yoʻl ochadi.

    Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan toʻqimachilik sanoati instituti negizida yangi universitet tashkil etilishi, avvalo, ushbu oliygohlarda shakllangan ilmiy-amaliy tajribani birlashtirib, yuksak sifatli taʼlim tizimini yaratishga xizmat qiladi. Hududning yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyojini taʼminlash asosiy vazifalaridan biri etib belgilangani universitetning strategik ahamiyatini yanada oshiradi.

    Yangi universitetda ochiladigan Ilgʻor muhandislik maktabi bugunning talablariga javob beruvchi mutaxassislar tayyorlashda muhim oʻrin tutadi. Hozirgi globallashuv va raqamli texnologiyalar davrida taʼlimning ilgʻor yutuqlaridan foydalangan holda amaliyotga yoʻnaltirilgan dasturlarni tatbiq etish ustuvor yoʻnalish etib belgilandi. Shu bilan birga, 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab ish beruvchi korxona va tashkilotlarning real muammolari asosida bitiruv-malakaviy ishlar va magistrlik dissertatsiyalari mavzularini belgilash va yoqlash jarayonini ishlab chiqarish maydonlarida tashkil etish talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan bogʻlashga yordam beradi.

    Qarorda 2026/2027 oʻquv yiligacha kamida ikkita bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va uchta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan oʻtkazilishi belgilangan. Bu esa universitetda taʼlim sifatini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga imkon beradi. Natijada xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlanadi. Yangi universitetning yana bir muhim jihati yirik ishlab chiqarish korxonalarining sanoat hamkori sifatida biriktirilganidir. Bu jarayon universitetda ilmiy tadqiqot ishlarining yanada rivojlanishiga, yangi texnologiyalarning ishlab chiqarishga integratsiya qilinishini taʼminlashga qaratilgan. Hozir bunday yondashuv samaradorligini dunyo miqyosida koʻrib turibmiz.

    Eng muhimi, ushbu qaror orqali Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan toʻqimachilik sanoati institutida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishni uzluksiz davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi. 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab ularga yangi universitetning diplomi topshirilishi belgilangani talabalar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Shuningdek, ularni ruhlantiradi.

    Davlatimiz rahbarining mazkur qarori Namangan viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi uchun mustahkam poydevor barpo etilishiga xizmat qiladi. U nafaqat taʼlim tizimi, balki hududning umumiy salohiyatini oshirishda ham katta ahamiyat kasb etadi. Bizning vazifamiz – ushbu imkoniyatlarni samarali tarzda amalga oshirish, ilmiy va amaliy yutuqlar bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshish.


    Oybek ERGASHEV,

    Namangan muhandislik-texnologiya

    instituti rektori vazifasini bajaruvchi

    professor