Oʻzbekiston va Eron iqtisodiyoti oʻzaro manfaatli tarzda bir-birini toʻldirib, biotexnologiya, toʻqimachilik, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda hamkorlik koʻlami yildan yilga kengayib bormoqda.
Taʼkidlash joizki, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar natijasida soʻnggi 5 yilda Oʻzbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 baravar koʻpaydi. Ikki tomonlama muloqotlar va oʻzaro almashinuvlarning faollashuvi kuzatilib, savdo koʻrsatkichlari va kooperatsiya loyihalari soni ham ortib bormoqda. Raqamlarga eʼtibor qaratsak, oʻtgan yili tovar ayirboshlash 73 foizga, joriy yil boshidan esa yana 22 foizga oshdi.
Shu yil 19-iyul kuni Prezidentimiz mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlgan Eron Islom Respublikasi Prezidentining ilm-fan va texnologiyalar boʻyicha vitse-prezidenti Sorena Sattoriyni qabul qildi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston — Eron ilm-fan va innovatsiyalar forumi boʻlib oʻtdi. Koʻp qirrali hamkorlikning asosi — fan, innovatsiya va texnologiyalar sohasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishdan iborat boʻlib, qoʻshma ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish borasidagi hamkorlikni kengaytirish, buning natijasida esa izlanish ishlari va venchur tashabbuslarini moliyalashtirishga xususiy sektorni jalb qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mazkur forum doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi koʻrgazmalar zalida Oʻzbekiston va Eron innovatsion kompaniyalari va startaplari mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etildi.
Koʻrgazmada Eronning 45 ga yaqin yetakchi kompaniyalari 100 dan ortiq innovatsion mahsulotlari, texnologiya va yangi ishlanmalarning prototiplari, sanoat namunalari bilan qatnashdi. Ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, tibbiyot, axborot texnologiyalari va oziq-ovqat sanoati kabi yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida 15dan ortiq yalpi majlislar, “Business to Business” (B2B) formatida muzokaralar tashkil etildi. Natijada umumiy qiymati 28,5 million dollarlik 7 ta memorandum hamda hamkorlik shartnomalari imzolanib, oʻzaro kelishuvlarga erishildi.
Sorena SATTORIY, Eron Islom Respublikasi vitse-prezidenti:

— Mamlakatlarimizning biotexnologiyalar sohasida erishgan yutuqlari, mushtarak qarashlari va oʻzaro manfaatli hamkorlikka boʻlgan intilishi alohida eʼtiborga molik. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot koʻrsatkichlari meni xursand qildi. Sohalarni bugungidan ham rivojlantirish uchun xususiy sektorga yanada kengroq yoʻl ochish lozim. Davlat rahbari mana shu haqiqatni toʻgʻri anglagani bois ham ilmga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishda tadbirkorlik subyektlariga keng imkoniyatlar yaratmoqda. Oʻzbekiston va Eron iqtisodiyoti oʻrtasida mushtarakliklar koʻp. Ilm-fan sohasidagi hamkorligimiz bundan ham kuchayishiga ishonamiz. Oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro almashinuv aloqalarini kengaytirishimiz lozim.
Biz biotexnologiya sohasidagi startap va ilmiy loyihalarni moliyalashtirish orqali olimlarimizning birgalikda ilmiy ishlar bilan shugʻullanib, natijalarini tijoratlashtirishi uchun sharoit yaratish, qolaversa, startap loyihalar doirasida innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish koʻlamini oshirishga tayyormiz. Tez kunlarda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik sabab koʻplab korxonalar tashkil etiladi. Fan va innovatsiyalar sohasiga investitsiya kiritishni har ikki davlat manfaatlariga mos tarzda innovatsion tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan oʻziga xos yondashuv deb bilaman. Ikki tomonlama savdo aylanmasi 400 million AQSH dollaridan ziyodni tashkil etadi. Forum doirasida erishilgan bitimlar mana shu koʻrsatkichning yanada yuqorilashiga xizmat qiladi.
Ibrohim ABDURAHMONOV, innovatsion rivojlanish vaziri:

— Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari keng koʻlamda rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli bugungi kunda oʻzaro hamkorlik aloqalarimiz oʻzgacha mazmun kasb etmoqda. Oʻzbekistonda 400 ga yaqin Eron sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar faoliyat yuritayotgani fikrimizning isboti. Endilikda biz qoʻshma ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish borasidagi hamkorlikni kengaytirib, innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etish jarayonida ilmni katta foyda beradigan mahsulotga aylantirish uchun xususiy sektorni jalb qilib, ilmiy hajmdor korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyamiz.
Eronda innovatsiyalarni iqtisodiyotning turli sohalariga tatbiq etish, ilmiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish, startap ekotizimini shakllantirish kabi masʼuliyatli vazifalar katta muvaffaqiyat bilan bajarib kelinmoqda. Ikki mamlakatning hamkorligi ilm-fan va biznes oʻrtasidagi “oltin koʻprik” boʻlib, tomonlar iqtisodiyotining rivojiga xizmat qiladi.
Hozir jadal surʼatlar bilan raqamlashtirish rivojlanyapti va buning bir xavfi bor. Hamma narsa raqamlashtirilsa, insonlar nima qiladi? Ishchi oʻrinlarini yoʻqotmaymizmi? Kelajakda shu savollar paydo boʻladi. Demak, endilikda kompyuter bajara olmaydigan ishchi oʻrinlarini yaratishimiz kerak. Bu borada biotexnologiyalar sohasi ham asqotadi. Eron tomoni mana shu yondashuvimizga qiziqish bildirib, qishloq xoʻjaligi sohasidagi yangicha yondashuvlarimiz boʻyicha hamkorlik koʻlamini kengaytirmoqchi. Forum innovatsion hududlar va koʻplab korxonalar uchun yangi ufqlarni ochadi.
Muhammad BEHESHTI, Eronning “Masoo” kompaniyasi rahbari:

— Bugungi kunda Oʻzbekistonda koʻplab innovatsion kompaniyalar, texnoparklar va IT markazlari tashkil etilgan boʻlib, ular turli sohalarda, jumladan, telekommunikatsiya, tibbiyot va farmatsevtika, biotexnologiyalar boʻyicha gʻoyalar va ixtirolarni tijoratlashtirish, mahsulotlarni ichki va jahon bozorlariga olib chiqish uchun xizmat qilmoqda.
Oʻzim tadbirkor boʻlganim uchun ham doim kuzatib boraman: Oʻzbekistonda ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻziga xos mexanizm yoʻlga qoʻyilmoqda. Oʻzbek olimlari tomonidan yaratilayotgan innovatsion loyihalar va yangi turdagi mahsulotlar jahon bozorlariga ham kirib borayotganidan maʼlumki, mamlakatda ilmga asoslangan iqtisodiyot tez suratlarda taraqqiy etmoqda.
Kompaniyamiz parranda ozuqa mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan. Hozirgi kunda parrandaning yuqori vazn yigʻishi va koʻproq tuxum berishini taʼminlaydigan qirqdan ortiq foydali elemetlarni oʻz ichiga olgan granula koʻrinishidagi mahsulotlarni ishlab chiqaramiz. Eksport geografiyamiz keng. Forum doirasida sohada faoliyat yuritayotgan oʻzbek korxonalari bilan shartnomalar imzoladik. Endilikda qoʻshma loyiha asosida mazkur innovatsiyani Oʻzbekistonga ham joriy qilamiz. Oʻz navbatida, yurtingizda mavjud texnologiyalarni oʻzimizning iqtisodiyotda ham qoʻllaymiz.
Shaxobjon SHARIFOV, “Yashnobod” innovatsion texnoparki direktori:

— Eronda bilimga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish orqali boylik yaratishga koʻmaklashish maqsadida Science and Technology (S&T) parklari tashkil etilgan. Bunday texnoparklar tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish va iqtisodiyotning ilmiy-tadqiqot, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish tarmoqlari oʻrtasidagi aloqalarni yaxshilashga, shu bilan birga, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Forum doirasida “Yashnobod” innovatsion texnoparki va Eronning “Andishmandan noavar pasargat” kompaniyasi oʻrtasida ikki mamlakat tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, “Digirtashs” kompaniyasi bilan “Chiqindilarni saralash va qayta ishlash texnologiyasi” boʻyicha qiymati 1 million AQSH dollarlik yangi texnologiyalar transferi boʻyicha hamkorlik shartnomasi hamda boshqa yetakchi kompaniya bilan “Qoʻy va echki junidan lesonin va lenonin moylarini olish texnologiyasi” boʻyicha ham hamkorlik shartnomasi imzolandi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Feruza JOʻRAYEVA yozib oldi