Ilm-fan va ta’lim sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi

    Ta'lim 12 Mart 2021 1760

    Toshkent davlat yuridik universiteti va N.I.Lobachevskiy nomidagi Nijniy Novgorod milliy tadqiqot davlat universiteti o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi. 

    ZOOM platformasi orqali bo‘lib o‘tgan tadbirda ikki oliy ta’lim muassasasi rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi.

    Uchrashuv avvalida rektorlar tomonidan universitetlardagi ta’lim jarayoni, talabalar va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar xususida ma’lumot berildi.

    Samimiy muloqot chog‘ida TDYU rektori Rahimjon Xakimov suhbatdoshlarini universitetning 30 yillik yubileyi munosabati bilan o‘tkaziladigan festivalda ishtirok etishga taklif etdi.

    Uchrashuv davomida TDYU va N.I.Lobachevskiy nomidagi Nijniy Novgorod milliy tadqiqot davlat universiteti o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohasida hamkorlik qilish, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

    Shuningdek, hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari va turli ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlar, konferensiya va tanlovlarda ishtirok etish, ilmiy maqolalar, o‘quv va ilmiy adabiyotlarni chop etishga kelishib olindi.

    Ma’lumot uchun: N.I.Lobachevskiy nomidagi Nijniy Novgorod milliy tadqiqot davlat universiteti Rossiya Federasiyasining eng yirik ta’lim muassasalaridan hisoblanadi va bu yerda 30 ming nafar talaba ta’lim oladi. Universitetda 1000 nafar doktorant, 1200 nafar fan nomzodi va 450 nafar fan doktori faoliyat yuritadi. Muassasa tarkibida 18 ta fakultet va ta’lim muassasasi, 132 ta kafedra va 6 ta ilmiy tadqiqot universiteti mavjud.

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi