— Soʻrovnomamizda ishtirok eting, iltimos, uch daqiqa vaqtingiz ketadi, — deya menga ham yuzlanib qolishdi.
—
Qanday soʻrovnoma, nima mavzuda?
Buni
rozilik alomati deb qabul qilishdi shekilli, birinchisi mikrofon tutdi,
narigisi suratga ola boshladi.
—
Milliy gʻoya deganda nimani tushunasiz?
Savol
jiddiy edi. Unga yoʻl-yoʻlakay javob berib boʻlmaydi, axir.
—
Shoshmanglar, bir oz oʻylab olay...
— Yoʻq,
unaqada tabiiy chiqmaydi, oʻylamasdan javob beravering, — deb shoshirdi
birinchi qiz.
—
Uzr, singlim, bu “Qaysi xonanda sizga koʻproq yoqadi?” degan savol emaski,
shartta javob berib ketaversam. Sizlar boʻlgʻusi jurnalist boʻlsangiz kerak?
Men ham jurnalistman. Keling, shu savolga avval oʻzingiz javob berib koʻring,
bir eshitay-chi.
—
Biz jurnalist emasmiz, huquqshunoslik boʻyicha oʻqiymiz. “Milliy gʻoya” fanidan
jamoatchilik fikrini oʻrganish topshirigʻi bor.
—
Soʻrovnomani anketa shaklida oʻtkazsangiz yaxshiroq boʻlardi. Bu savolning
javobiga mushohada bilan yondashgan maʼqul.
Xullas,
boʻlgʻusi huquqshunoslar bilan muloqotimiz qovushmadi, men yoʻlimda davom
etdim. Ammo oʻshandan beri ahyon-ahyon oʻylanib qolaman: “Milliy gʻoya deganda
nimani tushunasiz?” degan savolga bafurja qanday javob bergan boʻlardim?
* * *
Joriy
yil futbol boʻyicha navbatdagi jahon chempionati guruh bahslari doirasida
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Kolumbiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy
bergan uchrashuv yodingizdadir. Ijtimoiy tarmoqlarda futbol muxlislari qalbini
larzaga solgan samimiy videolavha tarqaldi. Unda Kolumbiya terma jamoasi
muxlislari gol oʻtkazib yuborilganidan keyin yigʻlayotgan oʻzbekistonlik
bolakayni ovutgani aks etgan.
Maʼlum
boʻlishicha, kichik muxlis oʻyindagi vaziyatdan juda taʼsirlanib, koʻz
yoshlarini tiya olmagan. Shu payt atrofida oʻtirgan kolumbiyalik muxlislar unga
befarq boʻlmay, bolakayni qoʻllab-quvvatlashga harakat qilgan.
Ular
birdan “Oʻzbekiston, Oʻzbekiston!” deya hayqirib, bolakayni ovutish bilan birga
uning jamoasini ham qoʻllab-quvvatladi. Ushbu samimiy holat stadion muhitini
iliqlik va doʻstlik kayfiyati bilan toʻldirgan edi. Mazkur lavha qisqa vaqtda
dunyo boʻylab keng tarqaldi. Koʻpchilik bu voqeani sportning haqiqiy ruhi —
mehr, hurmat va birdamlik timsoli sifatida baholadi.
Bir
kechada ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan ushbu holat Oʻzbekiston terma
jamoasigacha yetib bordi. Futbolchilar Isfandiyor Begmatov ismli bu yosh
muxlisni mashgʻulotga taklif qilib, unga oʻzlarining imzosi tushirilgan libos
va jamoa ramzi boʻlgan boʻri oʻyinchogʻini sovgʻa qildi.
Bu
yerda sportning haqiqiy ruhi — mehr, hurmat va birdamlik timsoli oʻz yoʻliga.
Biz eʼtibor qaratmoqchi boʻlganimiz oʻzbekistonlik bolakay milliy terma jamoa
magʻlubiyatini oʻz tanasida his qilib, koʻz yoshi toʻkkanidir.
Bor-yoʻgʻi
shu!
“Milliy
gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.
* * *
Bizning
avlod zamonga moslashishga qancha harakat qilmasin, ayrim oʻrinlarda oqsab
qolishi bor gap. Masalan, sunʼiy intellekt borasida. Hozir ancha urfga kirib
ulgurgan bu texnologiya deyarli barcha sohada hushyorlikni talab qilyapti.
Aytishlaricha, uni yaxshi oʻzlashtirgan mutaxassis tahririyatga tashqi
mualliflardan keladigan ayrim maqolalarda sunʼiy intellekt qoʻli borligini
darrov sezar ekan. Shuning uchun men ham mazkur zamonaviy qulaylik haqida bir
oz tushunchaga ega boʻlishim foydadan xoli boʻlmaydi degan xulosaga keldim.
Yaqinda yosh hamkasbimizdan yarim chin, yarim hazil yoʻsinida sunʼiy intellekt
bilan ishlash, undan foydalanish borasida saboq berishini iltimos qilgandim.
Koʻnikmalarimni
sinovdan oʻtkazishning ayni fursati, deya ushbu mavzuda sunʼiy intellektga
murojaat qildim. Qani, u nima derkan? Mana uning javobi:
“Milliy
gʻoya tushunchasi muayyan millat yoki xalqni umumiy maqsad, qadriyat va orzu-intilishlar
atrofida birlashtiruvchi gʻoyalar tizimidir. U xalqning tarixi, tili,
madaniyati va maʼnaviy qadriyatlarini ifodalaydi; jamiyatni yagona maqsad sari
birlashtirishga xizmat qiladi; insonlarda vatanparvarlik, milliy oʻzlik va
masʼuliyat tuygʻularini shakllantiradi; mamlakatning tinchligi, taraqqiyoti va
farovonligi uchun muhim maʼnaviy asos boʻlib xizmat qiladi.
Qisqacha
taʼrif: milliy gʻoya — xalqning milliy manfaatlari, orzu-maqsadlari va
qadriyatlarini ifodalovchi, uni ezgu maqsadlar sari birlashtiruvchi
maʼnaviy-mafkuraviy tushuncha”.
“Milliy
gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.
* * *
Tahririyatimizning
faol mualliflari orasida huquqshunoslar ham talaygina. Ular orasida metrodan
chiqaverishda meni soʻrovnomaga jalb qilmoqchi boʻlgan qizlarning ustozi
boʻlishi ham mumkin. Bir huquqshunos akamizdan yozayotgan maqolamiz uchun fikr
soʻradim. U uzoq kuttirmadi — tez orada katta maqolaga arzigulik hajmdagi javob
keldi. Mana, uni qisqartirishlar bilan maqolaga kiritdik:
“Milliy
gʻoya va mustaqillik bir-biri bilan uzviy bogʻliq. Mustaqillik milliy
qadriyatlarni tiklash, ona tili, tarix, madaniyat va anʼanalarni asrash uchun
keng imkoniyat yaratdi. Milliy gʻoya esa mustaqillikni mustahkamlash, jamiyatni
taraqqiyot va farovonlik sari yoʻnaltirishga xizmat qiladi.
Uning
asosiy maqsadlari: Vatanga sadoqat va fidoyilikni kuchaytirish; milliy
qadriyatlarni asrash va rivojlantirish; yoshlarni vatanparvarlik ruhida
tarbiyalash; tinchlik va millatlararo totuvlikni taʼminlash; huquqiy,
demokratik va farovon jamiyat barpo etish.
Milliy
gʻoya — mustaqillikning maʼnaviy tayanchi, mustaqillik esa milliy gʻoyani
hayotga tatbiq etish uchun muhim asos. Ularning uygʻunligi mamlakat taraqqiyoti
va xalq farovonligiga xizmat qiladi. Milliy gʻoyani yosh avlod shuurida shakllantirish
oʻgʻil-qizlarda Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, tarixiy xotira,
fuqarolik masʼuliyati va kelajakka ishonch tuygʻularini tarbiyalash jarayonini
qamrab oladi. Milliy gʻoyani shakllantirishda, avvalo, oila muhim oʻrin tutadi.
Ota-onaning Vatanga, milliy anʼanalarga va jamiyatga munosabati farzand
tarbiyasiga katta taʼsir koʻrsatadi.
Taʼlim
muassasalari ham bu borada muhim vazifani bajaradi. Darslar, maʼnaviy-maʼrifiy
tadbirlar, tarixiy obidalarga sayohatlar, buyuk ajdodlar merosini oʻrganish
orqali yoshlarda milliy oʻzlikni anglash hissi kuchaytiriladi. Shuningdek,
adabiyot, sanʼat, ommaviy axborot vositalari va internet orqali yoshlarga
milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yetkazish muhim. Ayniqsa, zamonaviy va
qiziqarli kontent orqali milliy tarix va madaniyatni targʻib qilish samara
beradi.
Milliy
gʻoya faqat nazariy tushuncha boʻlib qolmay, amaliy faoliyat bilan
uygʻunlashishi kerak. Yoshlarni jamoat ishlari, volontyorlik, ilm-fan, sport va
ijodiy loyihalarga jalb etish ularda masʼuliyat va Vatan ravnaqiga daxldorlik
hissini shakllantiradi”.
“Milliy
gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.
* * *
Yana
bir necha kundan keyin jonajon yurtimiz mustaqilligining 35 yilligini
nishonlaymiz. Bayram shukuhi hozirdanoq koʻngillarimizda hukmron. Bu sana nafaqat
tarixiy voqeani eslash, balki mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni
sarhisob qilish, milliy gʻoya va milliy qadriyatlarni yanada mustahkamlash
uchun ham muhim.
Mustaqillik
va milliy gʻoya oʻzaro uzviy bogʻliq. Mustaqillik xalqqa oʻz taqdirini oʻzi
belgilash, milliy til, madaniyat, tarix va anʼanalarni tiklash imkonini bergan
boʻlsa, milliy gʻoya mustaqillikni asrash va uning qadr-qimmatini anglashga
xizmat qiladi.
Bu
ikki muqaddas tushunchaning uygʻunligi nimalarda aks etishi mumkin? Avvalo, vatanparvarlik!
Yoshlarda Oʻzbekiston taqdiriga daxldorlik va Vatan ravnaqi uchun masʼuliyat
hissi boʻlmasa, “Vatanimni sevaman, uning qadriyatlarini asrayman va kelajagi
uchun oʻz hissamni qoʻshaman” degan tushuncha shakllanmasa mavzu haqida soʻz
yuritish ortiqcha. Keyingisi —
tarixiy
xotira. Bu mustaqillikka erishish yoʻli, milliy davlatchilik tarixi va ajdodlar
merosini oʻrganishda oʻz ifodasini topadi. Uchinchisi, milliy qadriyatlar.
Yaʼni ona tili, urf-odat, anʼana va madaniy merosni asrash, hurmat qilish.
Bu
kabi omillar ancha. Ularning deyarli barchasini yoshlar bilan bogʻlagimiz
keladi. Chunki kelajak — yoshlar qoʻlida. Bugun Vatanni sevish, asrash va
taraqqiyotiga hissa qoʻshish — farzandlarimizning asosiy missiyasi.
Mamlakatimizda yosh avlodga qaratilayotgan yuksak eʼtibor bejiz emas. Zero,
yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon
boʻlishi yoshlar taʼlim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan eʼtiborga bogʻliq.
Shu
maʼnoda, Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor
yoʻnalishlaridan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati — 2016-yil
14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun ekanida ham
ramziy mazmun-mohiyat mujassam.
Yoki
yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlar masalasiga alohida ustuvorlik
berildi, ularni qoʻllab-quvvatlash borasida qator yangiliklar mustahkamlab
qoʻyildi. Hujjatda davlat yoshlarga gʻamxoʻrlik masalasida oʻz zimmasiga gʻoyat
muhim majburiyatlarni olgani alohida mavzu. Eng asosiysi, mazkur
konstitutsiyaviy normalar nafaqat Oʻzbekiston yoshlari manfaati, balki butun
jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun nihoyatda ahamiyatli.
“Milliy
gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.
* * *
Eng
sirli xilqat boʻlmish odamzod dunyoga kelgan kunidan boshlab yaratish,
yashnatish, oʻzidan yaxshi nom qoldirish uchun intilib yashaydi. Bu
orzu-niyatlarning hammasi ilm va hunar orqali amalga oshadi. Shuning uchun ham
mamlakatimiz yetakchisi bu ikki muhim masalaga alohida eʼtibor qaratib
kelmoqda. Natijalarni esa hammamiz koʻrib, bilib turibmiz.
“Ilmga
yetgan oyoq qanotga aylanur”, degan ekan mavlono Jaloliddin Rumiy. Bu nima
degani? Yangi Oʻzbekistonni qurish XX asr — milliy uygʻonish davri maʼrifatparvarlari
yoʻli, ular ilgari surgan gʻoyalarga mos ekani kundek ravshan. Zero, jadidlar
oʻz davrida vaziyatni toʻgʻri anglab, butun saʼy-harakatini shunga
yoʻnaltirgan. Xususan, mutafakkir Abdulla Avloniy maktab va madrasa, usuli
taʼlim va tadris islohiga katta kuch sarflab “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo
mamot, yo
najot
— yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir” degan.
Maʼrifatparvar
bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm
lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol boʻlur”
degan purhikmat fikrlariga tayangan holda mustaqillik yillarida sohani tubdan
takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻqituvchilar
malakasi va mahoratini oshirish boʻyicha bir qancha muhim hujjatlar qabul
qilindi. Shuningdek, koʻrilgan qator chora-tadbirlarning barchasi yosh avlodni
maʼnaviyatli, maʼrifatli, ona vatanga sadoqatli, yot oqimlarga qarshi tura
oladigan, vijdoni pok va uygʻoq, imoni butun, gʻururli qilib tarbiyalashga
qaratildi.
“Milliy
gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.
* * *
Besh-olti
yil avval telekanallar orqali bir videolavhaga bot-bot koʻzimiz tushardi.
(Negadir oxirgi paytda koʻrmayapman.) Menga juda maʼqul kelgandi. Mazmuni
taxminan bunday: 5-6 yoshli qizaloq koʻcha chetida turgan yuk avtomobilining
loy sachrab, xiralashib qolgan davlat raqamidagi milliy bayrogʻimiz tasvirini
qoʻli bilan artib, tozalaydi. Ammo tepada — yukxonaga ham kattaroq tasviri
tushirilgan avtoraqam davomidagi bayroq suratiga qancha talpinib, sakramasin,
qoʻli yetmaydi. Yaqin atrofdan oʻtib ketayotgan ikki nafar ichki ishlar xodimi
qizchaning harakatiga qiziqib, yoniga keladi. Uning iltimosi bilan biri bolani
koʻtarib oladi. Qizaloq boshidagi qalpoqchasini shartta yechib, yukxonadagi
bayroq tasviri sirtini arta boshlaydi.
—
Qalpogʻing kir boʻlib qoladi-ku, nega bunday qilyapsan?
—
Qalpogʻim kir boʻlsa mayli, bayrogʻimiz toza tursin!
Kadr
ortida Oʻzbekiston xalq artisti Sevara Nazarxonning Oʻzbekiston xalq shoiri
Muhammad Yusuf sheʼri bilan aytgan “Ulugʻimsan, Vatanim” qoʻshigʻidagi otashin
satrlar yangraydi. Lavha koʻrgan odamning yuragini hapqirtiradigan darajada
badiiy saviyaga ega.
“Milliy
gʻoya deganda nimani tushunasiz?”.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri