Toshkent tibbiyot akademiyasida anʼanaviy “Only English: Topical Issues of Healthcare” nomli xalqaro ilmiy amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Yurtimizda ilmiy ishlar koʻlami va sifatini yaxshilash maqsadida ingliz tilida tashkil etilgan mazkur anjuman СOVID-19 pandemiyasi tufayli onlayn va offlayn tartibda oʻtkazildi.

Ushbu anjuman bu yil xalqaro miqyosda tashkil qilinib, unda respublikamizdagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan bir qatorda, AQSH, Shvetsiya, Finlyandiya, Hindiston, Qozogʻiston va boshqa davlatlardan ham yosh olimlar qatnashdilar.

Anjumanning maqsadi tibbiy amaliyotga jalb qilingan xorijiy davlatlar yosh olimlarining oʻz ilmiy ishlari natijalari bilan oʻzaro almashinish va muhokama qilishlari uchun maydon yaratish hamda mahalliy ilm-fanni rivojlantirish va uni xalqaro darajaga koʻtarishdan iboratdir.

Ushbu anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi “2030-yilgacha fanni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida yosh olimlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ularning bilim va mahoratini oshirish hamda ilmiy asarlarini dunyo boʻylab tarqatishga koʻmaklashadi.