Jurnalning oxirgi sonlarida mualliflar bugungi kundagi dolzarb mavzular –huquqiy jamiyatda jamoat xavfsizligini ta’minlash, kiberjinoyatlar turlari, yuqоri instansiya sudlari faоliyatida sunʼiy intellektdan оqilоna fоydalanish istiqbоllariga oid tadqiqotlari natijalarini o‘quvchilar e’tiboriga havola etdi. Jumladan, TDYU o‘qituvchisi, mustaqil izlanuvchi U. Sobitova reproduktiv tibbiyot sohasidagi prokuror nazoratini tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik normalarini, shuningdek, uni amalga oshirishning samarali mexanizmlarini tahlil qiladi. Unda muallif asosiy eʼtiborni sogʻliqni saqlash sohasidagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilishga qaratadi, shuningdek, kamsitish va tibbiy texnologiyalardan maqsadsiz foydalanish bilan bogʻliq amaliyotlarning oldini olish uchun o‘z takliflarini bildiradi. Yoki Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti doktoranti N. Ametova qo‘shimcha jazo turlarining o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan maqolasida qo‘shimcha jazolarning mohiyati va yuridik tabiati bilan bog‘liq muammolar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida jazo tushunchasiga umumiy ta’rif berilgani, ya’ni uning asosiy va qo‘shimcha turlarga aniq ajratilmagani sababli yuzaga kelishini ta’kidlaydi. Muallifning aytishicha, har qanday asosiy jazo chorasi jinoyat sodir etilishining o‘ziga xos holatlariga nisbatan qo‘llanadi, natijada uning barcha maqsadlariga to‘liq erishish imkoniyati doim ham kafolatlanmagan. Ilmiy maqolasida kiberjinoyatlarni o‘rgangan yana bir muallif – Fargʻona davlat universiteti Huquq taʼlimi kafedrasi oʻqituvchisi D. Mirzakarimova esa bu turdagi jinoyatlarga zamin yaratayotgan xavfsizlik tizimidagi boʻshliqlar va javobgarlik masalasini tahlil qilib, bu boradagi qonunchilik boʻyicha o‘z takliflarini ilgari suradi.

Ilmiy-amaliy jurnal 2021-yil 18-martda Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan boʻlib, maqolalar sud hokimiyati, prokuror nazorati, huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish, advokatura, xalqaro huquq, korrupsiya muammolari, kriminologiya kabi yoʻnalishlardagi mavzularni qamrab oladi.

 “Kriminologiya va jinoiy odil sudlov” jurnali 2023-yil sentabr oyida Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga talabgorlarning dissertatsiya ishlaridagi asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan milliy ilmiy nashrlar roʻyxatiga kiritilgan. Tahrir hayʼati tarkibi mahalliy va xorijlik ekspertlardan shakllantirilgan. Maqolalarda adabiyotlar tartibi Harvard usulida beriladi. Maqolalar chop etilishidan oldin antiplagiat boʻyicha “Turnitin” dasturidan va yagona talab asosida anonim ekspertiza (double-blind peer reviyew)dan oʻtkaziladi.

Ilmiy-amaliy jurnal Amerika Qoʻshma Shtatlarining Crossref.org tizimiga kiritilgan va har bir maqolaga alohida DOI raqam beriladi.

Jurnal maqolalari nashrga Toshkent davlat yuridik universiteti Tahririy nashriyot boʻlimi Davriy nashrlar sektori tomonidan tayyorlanadi. Maqolalar tahririyatga https://e-researcher.uz/ orqali yuboriladi. Jurnal talablari boʻyicha batafsil ma’lumotlar ushbu saytda yoritilgan.

Jurnal bilan https://ccj.tsul.uz/ veb-sayt orqali ham tanishish mumkin.

Muhabbat SHARIFOVA,

TDYU Tahririy nashriyot bo‘limi

Davriy nashrlar sektori muharriri