Bu Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va “Olima” uyushmasi tomonidan 2011-yildan buyon har ikki yilda bir marotaba xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan shu nomdagi tanlovning shahar bosqichi boʻlib, uchta keyingi bosqichga oʻtuvchi covrindorlar aniqlandi. Bundan tashqari, “Eng innovatsion gʻoya sohibasi”, “Eng mohir ilm sohibasi”, “Eng zukko va topqir ishtirokchi”, “Eng mohir milliy qadriyatlar targʻibotchisi”, “Tomoshabin eʼtiboriga sazovor ishtirokchi” nominatsiyalari boʻyicha ham gʻoliblar taqdirlandi.
Eʼtiborli tomoni shundaki, mazkur tanlov fidoyi, jonkuyar va ilmga chanqoq xotin-qizlarning ilmiy izlanishlarini faol qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida fan nomzodi unvoniga ega, katta ilmiy xodim-izlanuvchi, mustaqil tadqiqotchi sifatida oliygohlarda jiddiy izlanishlar olib borayotgan zukko va iqtidorli qizlar oʻrtasida oʻziga xos bahs sifatida tashkil etib kelinadi. Zero, zehni va shuuri boy ayollargina hamisha va har qanday buyuk millatga maʼnaviy beshik boʻlib kelgan.
Nomzodlar oʻzlarining ilmiy faoliyat va izlanishlari haqidagi 5 daqiqalik videolavha, “Yoshlar kelajak poydevori” mavzusidagi berilgan savollarga javoblar, shuningdek, Oʻzbekistonning tarixi va bugungi kuniga oid maʼlumotlarni xorijiy (ingliz, nemis yoki fransuz) tillarda burro va tezkor soʻzlab berish kabi murakkab shartlarga javob qaytardi. Bir soʻz bilan aytganda, ishtirokchilar ilmiy salohiyatni badiiy mahorat bilan uygʻunlantirishga intilib, imkoniyatlarini ommaga koʻrsatdilar.
— Tabiiyki, tanlovda bevosita isteʼdodli yosh olima qizlarimiz ishtirok etgani sababli shartlarga kiritilgan savollar orasida koʻproq gender tengligi, joriy yil Davlat dasturi bandlari, oliy taʼlim sohasidagi islohotlar, xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va ularning huquq manfaatlarini ifoda etuvchi qonunchilik hujjatlari haqida bordi, — deydi Toshkent shahar “Olima” uyushmasi raisi, siyosiy fanlar doktori, professor, Eʼtibor Sultonova. — Yurtimizda tanlovlar koʻp, biroq bu yuqori intellektual darajasi, yondashuvlardagi oʻziga xosligi bilan ajralib turadigan koʻrikdir.
— Biz mamlakatimizda olimlarga, ilmga, umuman ayollarga yaratib berilayotgan ragʻbatni oʻzimiz misolimizda ham yurakdan his qilib turibmiz, — deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, “Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi” ixtisosligi 1-bosqich tayanch doktoranti, tanlov gʻolibi Yulduzxon Imomova. — Biz kelgusi taqdirimizni fan bilan bogʻlar ekanmiz, bu gʻoyatda masʼuliyat va koʻplab izlanishlar talab etadigan mashaqqatli yoʻl ekanini yaxshi tushunamiz. Shuning barobarida, dunyoga Oʻzbekistonni bilimli va yuksak madaniyatli ayollar timsolida koʻrsatishni ham jon dilimiz bilan istaymiz. Tanlov shubhasiz, bizni ijtimoiy faolligimizni oshirishga kuchli motivatsiya bagʻishladi.
Maftuna Aʼzamjonova.