Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va globalizatsiya jarayonlari huquqiy sohada yangi o‘rganilmagan ijtimoiy munosbatalarni keltirib chiqarishi tabiiy, albatta. Shu bilan birga, bu huquqshunoslar oldiga yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish zaruratini qo‘ymoqda. Ilmiy salohiyatni oshirish va innovatsion metodlarni tatbiq etish huquqiy tadqiqotlarning chuqur va samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Shu maqsadda huquqiy tadqiqotlarning ilmiy salohiyatini oshirish usullari va innovatsion yondashuvlar orqali huquqiy fanlarni rivojlantirish imkoniyatlarini tahlil qilish maqsadga muvofiq.
Bu borada birinchi navbatda ilmiy salohiyatni oshirish zarurati va uning huquqiy tadqiqotlardagi roli haqida to‘xtalish zarur. Ilmiy salohiyat huquqiy tadqiqotlarning sifatini oshirish va yangi yondashuvlarni ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydi. Ilmiy salohiyatni oshirish jarayonida huquqiy tadqiqotlar uchun muhim bo‘lgan huquqiy hujjatlar, sud qarorlari va xalqaro me’yorlarni tahlil qilish qobiliyatini shakllantirish orqali tahliliy va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish sohadagi asosiy masalalardan biridir. Toshkent davlat yuridik universitetida ham ilmiy faoliyat nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy salohiyatni kuchaytirish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar — falsafa doktorlari (PhD) va fan doktorlari (DSc) tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni olib borish va uning natijalarini huquqshunoslik barcha sohalariga tadbiq etish, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda boshqa tashkilotlar, shuningdek, xorijiy yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan. Bugungi kunda universitetda ilmiy salohiyatni oshirish, innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish maqsadida yuridik amaliyotda mavjud bo‘lgan maummo va qiyinchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha dolzarb yo‘nalish va vazifalarni inobatga olgan holda ilmiy-innovatsion ishlanmalarni yaratish va tijoratlashtirish, istiqbolli startap-loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha iqtisodiy va marketing tadqiqotlarni o‘tkazish, xalqaro ilmiy nashrlar bilan ishlash, ilmiy maktablar faoliyatini takomillashtirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, ilmiy hamkorlik va tarmoq yaratish maqsadida ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish orqali tajriba almashish ham katta ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, ilmiy nashrlar va konferensiyalar orqali huquqiy tadqiqotlar natijalarini nashr etish, xalqaro darajadagi ilmiy anjumanlarda ishtirok etish orqali ilmiy bilimlarni kengaytirish imkoniga ega bo‘lish mumkin. Innovatsion texnologiyalardan yanada kengroq foydalanish orqali zamonaviy huquqiy tadqiqotlarda sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar (Big Data) va raqamli tizimlardan foydalanishni kengashtirish maqsadga muvofiqdir.
Ilmiy salohiyatni oshirish va innovatsion yondashuvlar orqali huquqiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun albatta huquqiy tadqiqotlarda innovatsion yondashuvlar kengaytirish va rag‘batlantirish zarur. Dunyoda huquqiy tadqiqotlarni rivojlantirishda innovatsion metodlarning ahamiyati ortib bormoqda. Quyida zamonaviy huquqshunoslikda qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar haqida to‘xtalib o‘tamiz. Zamonaviy dunyo davlatlarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish katta sur’atda o‘sib bormoqda. Sun’iy intellekt huquqiy tadqiqotlarda tahlil qilish jarayonini tezlashtirishga yordam beradi. So‘nggi yillarda quyidagi sohalarda sun’iy intellektning roli ortib bormoqda:
— sud qarorlarini tahlil qilish – sun’iy intellekt yordamida huquqiy jarayonlar bo‘yicha katta ma’lumotlar bazasi tahlil qilinib, kelajakdagi huquqiy tendensiyalar bashorat qilinadi;
— shartnomaviy huquq – aqlli shartnomalar (smart contracts) blokcheyn texnologiyasi asosida avtomatlashtirilgan huquqiy kelishuvlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Turli mamlakatlarning huquqiy tizimlarini solishtirish orqali eng samarali huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish mumkin. Shuning uchun ham bu sohada komparativ yondashuvlardan ham kenroq foydalanish zarur. Komparativ yondashuv quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- huquqiy tizimlarning o‘zaro ta’sirini o‘rganish.
- xalqaro tajribadan foydalanish va milliy qonunchilikni takomillashtirish.
- huquqiy normalarni implimintatsiya qilish va unifikatsiyalash.
Yuqoridagilar bilan birga dunyo olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra blokcheyn texnologiyalarining huquqiy tadqiqotlardagi roli ham muhim. Ularning ta’kidlashicha, blokcheyn texnologiyalari huquqiy tadqiqotlar va amaliyotda quyidagi afzalliklarni ta’minlaydi:
— birinchidan, shaffoflik va xavfsizlik, huquqiy hujjatlarni buzib bo‘lmaydigan tizimda saqlash imkonini beradi;
— ikkinchidan, shartnomalarning avtomatlashtirilishi, ya’ni aqlli shartnomalar orqali inson omilini kamaytirish va shaffoflikni ta’minlash imkonini beradi;
— uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish, huquqiy operatsiyalarni kuzatish va huquqbuzarliklarning oldini olish imkonini beradi.
Innovatsion yondashuvlar asosida huquqiy tadqiqotlarni rivojlantirish quyidagi natijalarga olib kelishi mumkin:
— huquqiy tizimlarning samaradorligini oshirish, avtomatlashtirilgan huquqiy tizimlar orqali huquqiy xizmatlarning sifatini yaxshilash;
— xalqaro huquqiy hamkorlikni rivojlantirish, global huquqiy integratsiya va tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish.
— huquqiy ta’lim tizimini takomillashtirish, huquqshunoslik sohasida innovatsion metodlarni joriy etish orqali yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash.
Bir so‘z bilan aytganda, ilmiy salohiyatni oshirish va innovatsion yondashuvlarni huquqiy tadqiqotlarga tatbiq etish zamonaviy huquqiy muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi. Sun’iy intellekt, blokcheyn texnologiyasi va ekologik monitoring kabi ilg‘or usullardan foydalanish huquq fanining rivojlanishiga va amaliyotga tatbiq etilishiga katta hissa qo‘shadi.
Saodat XADJAYEVA,
TDYU Ilmiy boshqarmasi
Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagog kadrlarni
tayyorlash bo‘limi uslubchisi