Bugungi globallashuv va axborot asrida bilimning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Zamonaviy texnolo­giyalarni oʻzlashtirish, raqamli iqtisodiyotda ishti­rok etish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish uchun, eng avvalo, ilmli avlod kerak. Zero, Hazrat Alisher Navoiy bejiz:

Agar hikmatga boʻlsa iltifoting,

Ki, boʻlsin Nuh umricha hayoting,

demagan.

Xalqimiz nazdida azaldan ilmlilik insonning eng goʻzal va eʼzozli fazilatlaridan biri sifatida qadrlanib kelgan. Chunki bilim faqat oʻqish va yozish malakasi emas, balki maʼnaviyat, zehn va jamiyat ta­raqqiyotining asosiy mezoni hisoblangan. Shu bois, yurtimiz tarixidagi ulugʻ mutafakkirlar, soʻz sanʼ­atkorlari va maʼrifat peshvolari savod masalasiga alohida urgʻu bergan. Jumladan, Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Lison ut-tayr” asarlari­da til, maʼno va maʼrifatning chuqur ifodasi orqali ilm-maʼrifatning inson kamolotidagi beqiyos aha­miyati yoritilgan. Munis Xorazmiy asarlarida ham yosh avlodga savod oʻrgatishning ahamiyati, uning zamon va taraqqiyot uchun zarurligi teran maʼnoda ifoda etilgan. U oʻz davrining pedagog olimlaridan biri sifatida bolalarning xat-savod chiqarishi va ilm oʻr­ganishini osonlashtirish maqsadida “Savodi taʼlim” asarini yaratgan. Mazkur risolada oʻqish va yozishni tez hamda samarali oʻrganish, chiroyli xat yozish koʻnikma­larini egallash, shuningdek, husnixatga oid masala­larga alohida eʼtibor qaratilgan. Asarda til, yozuv va husnixatning jamiyat hayotidagi oʻrni, ayniqsa, maʼ­naviy boylikni kelajak avlodga yetkazishdagi ahamiya­ti chuqur yoritib berilgan.

Bu asarlar, umuman olganda, ajdodlarimizning asrlar davomidagi qarashlari va intilishlarini namoyon etadi. Shunday boʻlsa-da, muayyan vaqt siyosiy qarashlarning noxolisligi hamda milliy kamsitish ruhidagi yondashuvlar asosida Turkiston oʻlkasi aho­lisining savodxonligi masalasida soxta va haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan xulosalar berilgan. Aslida, soʻng­gi paytlarda oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalariga koʻra, 1913-yilda Turkiston oʻlkasida 7665 ta maktab va madrasa faoliyat yuritgan. Bu raqamlar ayrim man­balarda qayd etilganidan farqli oʻlaroq, oʻlkamiz aholisining savodxonlik darajasi ancha yuqori boʻl­ganini koʻrsatadi.

Xalqaro tadqiqot platformalari maʼlumotiga koʻra, hozirgi kunda Oʻzbekistonda savodxonlik dara­jasi 100 foizni tashkil etmoqda. Hisobotda umumja­hon savodxonlik darajasiga erishishda Oʻzbekiston hukumati hamda taʼlim sohasi xodimlarining muhim hissasi alohida eʼtirof etilgan.

Islohotlar natijasida Oʻzbekistonda maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim sohasiga ajratiladigan mab­lagʻ sezilarli oshirildi. Bu oʻzgarishlar samarasi oʻla­ roq, xususiy sektor bilan hamkorlikda bogʻchalardagi oʻrinlar soni ikki yarim millionga, qamrov darajasi 78 foizga yetkazildi. Ayni vaqtda mamlakatimizda 7 mingta davlat bogʻchasi va 32 mingga yaqin xususiy bogʻcha faoliyat koʻrsatmoqda.

Haqiqatan, bugungi kunda mamlakatimizda taʼlim tizimining uzviyligi va uzluksizligini taʼmin­lashga qaratilgan mustahkam zanjir yaratildi. Oʻtgan davr mobaynida maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim sohasida yagona davlat siyosati ishlab chiqildi va tizim toʻliq transformatsiya qilindi. Bola bogʻchadan maktabni bitirishiga qadar boʻlgan jarayonda milliy qadriyatlarimizga tayangan tarbiya, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga asoslangan taʼlim, yoshlarning qiziqishlari va iqtidoriga qarab seleksiya qilish boʻ­yicha samarali tizim shakllandi. Bu esa yigit-qizlar­ning bolaligidanoq mustaqil fikrlash va tahlil qi­lish qobiliyatini rivojlantirish imkonini bermoqda.

Shu bilan birga, taʼlim sohasi vakillarini qoʻl­lab-quvvatlash, ularning mehnatiga munosib baho berish hamda ijtimoiy maqomini oshirish yoʻlida muhim qadamlar qoʻyilmoqda. Jumladan, malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida oʻqituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming oʻqituvchi hozir 8-12 million soʻm maosh olyapti. Bogʻcha tarbiyachilari oyligi 65 foiz oshirilib, maktab oʻqi­tuvchilari maoshiga tenglashtirildi. Bu orqali mak­tabgacha taʼlim tizimida mehnat qilayotgan pedagoglar­ning nufuzi yanada yuksalishi kutilmoqda. Shuningdek, maktab direktorlari, ularning oʻrinbosarlari ham­da bogʻcha mudiralarining ish haqi sezilarli tarzda koʻtarilib, 7-10 million soʻmdan oshdi.

Bunday chora-tadbirlar taʼlim sifati va samara­dorligini oshirish, oʻqituvchi va tarbiyachilarning nufuzini yuksaltirish, yosh avlodning zamonaviy bi­lim va koʻnikmalarni egallashiga zamin yaratmoqda. Taʼlim muassasalarining innovatsion rivojlanishi, zamonaviy oʻquv dasturlari va pedagogik yondashuvlar­ni joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar shakllan­tirilmoqda. Bu yondashuv, birinchi navbatda, pedagog kadrlarning tajribasini oshirish, taʼlim sohasi­dagi eng ilgʻor metodika va innovatsiyalarni oʻzlashti­rishga xizmat qiladi.

Ilm ildizi boʻlgan savodxonlik tushunchasi muayyan vaqt muvozanatida jamiyat taraqqiyotining ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, madaniy va ruhiy jarayonlari bilan uzviy bogʻliq holda oʻz maʼno-mohiyatini kengaytirib boraveradi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonda bu­gungi kunda yoshlar va kattalar oʻrtasida turli yoʻna­lishlarda savodxonlikni oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, moliyaviy va huquqiy savod­xonlikni rivojlantirish, zamonaviy axborot texno­logiyalaridan unumli foydalanish, tibbiy madaniyat va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish kabi masa­lalar jamiyat hayotida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Savodxonlikning bu yangi qirralari, avvalo, zamon talabi va har bir fuqaroning rivojlanish yoʻlida toʻgʻri qaror qabul qilish, imkoniyatlarni anglash va hayotda muvaffaqiyatga erishish garoviga aylanmoqda.

Eng muhimi, hozirgi global raqobat va tezkor oʻzgarishlar davrida savodxonlikning zamonaviy yoʻ­nalishlarini egallash insonning kelajak yoʻlidagi eng asosiy kapitali boʻlib, jamiyat taraqqiyotining strategik omili sifatida namoyon boʻlmoqda. Shu ji­hatdan uning mohiyati shaxsning tanqidiy va kreativ fikrlay olishi, toʻgʻri qaror qabul qilishi, axborotni saralab, undan samarali foydalanish qobiliyati bi­lan belgilanadi. Bunday kompetensiyalar har bir fu­qaroga shaxsiy rivojlanish, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etish imkonini yaratish bilan birga davlat va jamiyat uchun barqaror taraq­qiyot, innovatsion salohiyat va global raqobatbardosh­likni taʼminlaydi.

Savodxonlik masalasi yangi davrda ilmli va maʼ­rifatli avlodni voyaga yetkazish, millatning intel­lektual salohiyatini yuksaltirish va milliy taraq­qiyot strategiyasini amalga oshirishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Zotan, asrlar davomida yurtimizda sayqal topib kelgan ilmlilik, maʼrifatlilik kelgusida ham yangi Oʻzbekistonning izchil taraqqiyotida va ja­hon hamjamiyatida munosib oʻrin egallashida muhim strategik omil sifatida namoyon boʻlib qolaveradi.

Shuhrat NORMURODOV,

jurnalist