Ilon Mask million nafar odamni Marsga yubormoqchi

    SpaceX katta taqdimot o'tkazdi, unda tashkilot rahbari Ilon Mask so'zga chiqdi.

    Milliarder SpaceX kelajagi haqidagi tasavvurlari, shuningdek, Marsni o'zlashtirishning taxminiy rejasi bilan o'rtoqlashdi.

    Milliarderning so'zlariga ko'ra, ulkan Starship 3 raketasi Marsni o'zlashtirish uchun asos bo'lib xizmat qiladi. U yangi avlod Raptor dvigateli bilan jihozlangan, uning yordamida raketa bortida 200 tonnagacha yukni ko'tara oladi.

    Mask Starship 3 qachon foydalanishga topshirilishiga aniqlik kiritmadi, lekin bu kompaniyaga juda kam xarajat qilishini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, agar hozirda Falcon 1ning uchirilishi 10 million dollarga tushsa, Starship 3 uchun 2-3 million dollar sarflanadi.

    “Bu deyarli tasavvur qilib bo'lmaydigan raqamlar. Buning iloji bo'ladi, deb hech kim o'ylamagan. Bundan tashqari, bu maqsadga erishish uchun fizika qonunlarini umuman buzishimiz shart emas”, dedi Mask.

    Bundan tashqari, SpaceX rahbari o'z kompaniyasiga Marsni tadqiq qilish uchun taxminan 20 yil vaqt ketishini qo'shimcha qildi. Bu vaqt ichida, uning so'zlariga ko'ra, bir millionga yaqin odamni qizil sayyoraga jo'natish mumkin, bu o'zini o'zi ta'minlaydigan shahar tashkil etish uchun yetarli.

    Mask har ikki yilda bir marta Marsga kemalar borishidan umidvor. Bu muntazamlik odamlarga nafaqat resurslarni muntazam yetkazib berish, balki Yerga qaytish imkoniyatini ham beradi, deb xabar beradi report.az.