Ilon Mask O‘zbekistonga kelishi mumkin

    O‘zkosmos vakillari 2028-yilda Xalqaro astronavtika kongressi (IAC)ni Samarqandda o‘tkazish taklifi bilan O‘zbekiston nomzodini ilgari surgan.

    Bu haqda O‘zA "O‘zkosmos"ga tayanib ma’lum qildi.

    Qayd etilishicha, mazkur tadbir ko‘lami jihatidan jahonshumul xalqaro forum hisoblanib, unda har yili 10 mingga yaqin kosmik soha mutaxassislari va kompaniyalar ishtirok etadi.

    Ushbu tadbir mezbonligiga nomzod davlat imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida Xalqaro astronavtika federatsiyasi ijrochi direktori Kristian Fayxtinger O‘zbekistonga keldi. U Samarqand va Toshkentda infratuzilma, xavfsizlik va logistika imkoniyatlarini o‘rgandi.

    Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro astronavtika kongressiga Ilon Mask tashrifi ham kutilmoqda. Ma’lumki, Mask shu vaqtgacha o‘tkazilgan mazkur anjumanlarga maxsus vakil sifatida qatnashib, muvaffaqiyatli loyihalarni ilgari surib kelgan.