Ilon Maskning kompaniyasi birinchi marta odamga chip o'rnatdi

    Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi birinchi implantni odam miyasiga joylashtirdi.

    Chip o'rnatish operatsiyasi 28-yanvar kuni bo'lib o'tdi, ko'ngillining tiklanishi yaxshi ketmoqda, dedi Mask. Uning so'zlariga ko'ra, implantning ishlashi bo'yicha olingan dastlabki ma'lumotlar istiqbolli natijalarni ko'rsatmoqda.

    Neuralink o'tgan yilning may oyida odam ustida sinovlar o'tkazish uchun ruxsat oldi, deb xabar beradi lenta.ru.

    Shu bilan birga, kompaniya ko'ngillilarni qidirishni boshladi. Biroq, bunga qadar, ikki oy oldin AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) Neuralink arizasini rad etgandi.

    Maskning so'zlariga ko'ra, uning texnologiyasi ko'zi ojiz yoki falaj bo'lgan odamlarga to'liq hayotga qaytish imkonini beradi.