“Iltimos meni “Temir daftar”dan chiqaring

    Viloyat boʻyicha har bir xonadonning yashash sharoiti oʻrganilib 52 ming 249 ta oila ehtiyojmand sifatida “temir daftar”ga kiritilgan edi.

    “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni ish bilan taʼminlash, ularga moddiy yordam berish choralarini koʻrishdan tashqari, bu oilalar uchun boshqa daromad manbalari yaratishga ham alohida eʼtibor qaratilayapti.

    Viloyat boʻyicha har bir xonadonning yashash sharoiti oʻrganilib 52 ming 249 ta oila ehtiyojmand sifatida “temir daftar”ga kiritilgan edi.

    Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida birinchi bosqichda 41 ming 832 ta ehtiyojmand oilaning 44 ming 930 nafar mehnatga layoqatli ishsiz oila aʼzolari bandligi taʼminlandi.

    2020-yil 1-sentyabr holatiga “temir daftar”ga kiritilgan oiladan 22 ming 891 tasi ish bilan taʼminlanib Halq deputatlari tuman kengashi sessiyalarining qaroriga asosan “temir daftar”dan chiqarildi. Qayta oʻrganishlar jarayonida yana 16 ming 860 ta oila yangilangan “temir daftar”ga kiritildi.

    Hozirgi kunda “temir daftar”da 46 ming 218 nafar oila mavjud. Shundan 46 ming 861 nafar ishsiz mehnatga layoqatli oila aʼzolarini joriy yilning sentyabr-dekabr oylarida ishga joylashtirish rejasi ishlab chiqilgan.

    Jumladan, oilaviy tadbirkorlik va xunarmandchilik yoʻnalishida 3703 nafar, jamoat ishlariga jalb qilish hisobiga 11542 nafar, oʻzini-oʻzi band qilishga 18641 nafar, hududiy investitsiya loyihalari amalga oshirilishi hisobiga 2576 nafar va 10399 nafari boshqa yoʻnalishlarda bandligi taʼminlanadi. Shuningdek, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tomonidan 44,8 milliard soʻmlik moddiy yordam koʻrsatiladi.

    Qarshi shahridagi “Qamchibek Qoʻrgʻoncha” mahalla fuqarolar yigʻinida ham uch mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ayni paytda “Temir daftar”ga kiritilgan 33 ta oiladan 18 tasi chiqarildi.

    – Kambagʻallikdan chiqarish uchun oilalarga moddiy yordam berishning oʻzi kamlik qiladi, – deydi “Qamchibek Qoʻrgʻoncha” MFY raisi Anvar Hakimov. – Bu borada aholini ish bilan band qilish muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning ishga layyoqatli aʼzolarini mahalladagi tadbirkorlik subyektlari, tijorat doʻkonlariga ishga kirishiga koʻmaklashildi. Bundan tashqari 9 ta ehtiyojmand oilaga subsidiya ajratilib, ixcham issiqxona qurib berildi.

    Rohat Boltayevaning ikki farzandi hali voyaga yetmagan, turmush oʻrtogʻi vafot etgan. Ishlay desa bolalarini yolgʻiz qoldirib boʻlmaydi. Ishlamay desa, roʻzgʻoriga yanayam ogʻir boʻladi. Shu bois unga tomorqasining oʻzidan daromad topishi uchun imkoniyat yaratib berildi.

    – Aprel oyida issiqxona qurib berishgan edi, – deydi R.Boltayeva. – Issixonaga bodring, pamidor, bulgʻor qalampiri ekib yaxshigina daromad koʻrdim. Shu paytgacha mahalladagi xotin-qizlarga koʻylak tikib berib, tushgan pulni roʻzgʻorimga sarflardim. Qarasam, tikuvchilikdan yaxshigina daromad topsa boʻlarkan. Davlatga boqimanda boʻlishni oʻzimga ep koʻrmay, yetti foizli imtiyozli kredit olib, uchta tikuv mashinasi xarid qildim. Mahallamizdagi oʻzimga oʻxshagan uch nafar xotin-qizni ham bu ishga jalb qilib, hunar oʻrgatdim. Hozirda bolalar va ayollar uchun kiyim-kechak tikib daromad qilayapman. Ana shu daromad hisobidan uyimni taʼmirdan chiqardim, yana qoʻshimcha uy solayapman.

    “Haramjoʻy” mahallasida yashovchi “temir daftar”da ruyxatda turuvchi Nigora Tohirova 30 million soʻmlik imtiyozli bank krediti evaziga bugun oʻzi kabi sakkiz nafar xotin-qizni ish bilan taʼminladi.

    – Davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan barcha moddiy yordam, oziq-ovqat mahsulotlari olib kelayapman, – deydi N.Tohirova. – 4 nafar voyaga yetmagan farzandim bor. Pandemiya sharoitida koʻrsatilgan yordam tufayli oilamiz qiynalgani yoʻq. Buning uchun minaddormiz. Xalqimizda “Qoʻldan berganga qush tuymaydi” degan hikmatli maqol bor. Shuning uchun ham davlatimiz beradigan yordamga qarab oʻtirmasdan, bankdan 30 million soʻm imtiyozli kredit olib sakkizta tikuv mashinasi xarid qildim. Mahalla “temir daftar”ga kiritilgan oilalardagi ayollarni ish bilan taʼminlash sharti bilan joy qilib berdi. Hozirda sakkiz nafar ayol bilan futbolka, koʻrpa-toʻshak jildlari, ish kiyimlari tikayapmiz. Daromadimiz yaxshi. Meni “Temir daftar”dan chiqarishlarini soʻrab ariza berganman. Chunki, moddiy yordamga muhtoj, mendan nochorroq oilalar bor.