IMEI kod bilan bog'liq muammolar hamon uchrab turibdi

    O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga Farg'ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi Z.Sodiqovdan kelib tushgan murojaatda tuman markazida joylashgan savdo markazidan 3 million 200 ming so'm evaziga  “Samsung A31” telefoni sotib olgani, u biroz vaqt o'tib foydalanish jarayonida muammo paydo bo'lgani, keyinchalik esa umuman ishlamay qolgani aytilgan.

    Sababi chetdan keltirilgan mazkur telefon apparatining IMEI kodi tegishli tartibda ro'yxatga qo'yilmaganligida ekan. Sotuvchiga murojaat qilganida esa, u apparatni almashtirib berishdan bosh tortgan.

    Mazkur murojaat Federatsiyaning Buvayda tuman jamiyati xodimlari tomonidan o'rganilishi natijasida telefon apparati sotuvchi tomonidan UzIMEI ro'yxatiga ko'yilishida amaliy yordam berildi.

    Yana bir murojaat Andijon shahrida yashovchi fuqaro SH.Ummatov tomonidan kelgan bo'lib, iste'molchi o'z murojaatida “Artel” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Royal” isitish qozonini 3,5 million so'mga sotib olgani, biroq kafolat muddati tugamasdan turib isitkich nosoz holga kelib qolgani bayon qilingan.

    Mazkur murojaat o'rganilishi natijasida “Royal” isitish qozoni sifatli ta'mirlab berilishiga erishildi.