IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazish narxi oshmadi! — Bojxona qoʻmitasi

    Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish narxlari goʻyoki oshib ketgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

    Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati boshligʻi Husan Tangriyev mavzu yuzasidan tushuntirish berdi.

    Uning taʼkidlashicha, aslida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatga olish uchun toʻlov bazaviy hisoblash miqdorining 20 foiz miqdorida. Yaʼni shu kunlarda 75 ming soʻmni tashkil qiladi va bu toʻlov oshirilgani yoʻq!

    Xoʻsh, u holda «Ilgari 30-40 dollar edi, endi esa 100 dollardan 400 dollargacha oshdi« qabilidagi gap-soʻzlar qayerdan paydo boʻlmoqda?

    «Bu katta ehtimol bilan mamlakatga noqonuniy yoʻllar bilan olib kirilgan mobil qurilmalarni sotayotgan shaxslar xaridorlar oldida buni xaspoʻshlash uchun UzIMEI tizimni roʻkach qilishmoqda, xolos!
    Agar Siz sotib olayotgan telefon mamlakatga qonuniy yoʻllar bilan import qilingan boʻlsa, bunda telefonning sim kartasi nechta boʻlishidan, elektron sim kartasi bor-yoʻqligidan qatʼiy nazarda IMEI-kodlari importyor tomonidan allaqachon roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻladi!
    Masalan, shu yilning oʻzida Oʻzbekistonga qiymati 188 mln dollarlik 1 mln 813 ming donadan ziyod telefonlar rasmiy import qilingan. Ammo noqonuniy yoʻllar bilan olib kirishga urinishlar ham yoʻq emas«, deydi u.

    Joriy yilning oʻtgan davrida bojxona organlari tomonidan qiymati 16,4 mlrd soʻmlik 44 ming donadan ziyod telefonlarni noqonuniy olib kirishga urinishlarning oldi olindi.

    Agar telefon noqonuniy yoʻllar bilan olib kirilgan boʻlsa yoki deklaratsiyada koʻrsatilmagan boʻlsa, u holda uning IMEI — kodlarini roʻyxatdan oʻtkazishda qurilmaning bojxona qiymatidan 30 foiz miqdorida yagona bojxona toʻlovi undiriladi.

    Norasmiy manbalardan sotib olayotgan va tizimda roʻyxatdan oʻtmagan telefonning bojxona qiymati aytaylik 1000 AQSH dollari boʻlsa, demak 300 AQSH dollari miqdorida yagona bojxona toʻlovi toʻlanganidan keyingina, u UzIMEI tizimidan roʻyxatdan oʻtkaziladi. Yaʼni, 30 foizlik bojxona toʻlovini goʻyoki IMEI-kodlarni roʻyxatga olish uchun toʻlov tarzida talqin qilishmoqda.

    Xusan Tangriyev, oʻz oʻrnida ayrim maslahatlarni berib oʻtdi.

    «Birinchidan, oʻzingiz bilan olib kirayotgan mobil qurilmalarni bojxonadan oʻtishda albatta yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsating!
    Bunda qurilmada nechta IMEI kodi boʻlsa barchasini yozishni unutmang! Aytaylik, yoningizda olib kirayotgan telefonlar soni 2 tadan koʻp boʻlsa, ortikchasini olib kirish mumkin emas ekan-da degan fikrga bormang!
    Siz ularni ham bojxona kirim orderi asosida bojxona toʻlovlarini toʻlagan holda bemalol olib kirishingiz mumkin.
    Ikkinchidan, mobil qurilmalarni xarid qilayotganda ularni rasmiy doʻkonlardan sotib oling va albatta IMEI-kodlarini roʻyxatga olinganini tekshiring!
    Agar telefon sotib olayotganingizda mobil qurilma tizimdan roʻyxatdan oʻtkazilmagan yoki bitta sim karta uchun oʻtkazilib, elektron sim karta uchun roʻyxatdan oʻtkazilmagan holatlarga duch kelyapsizmi, demak, bu qurilmalar mamlakatga noqonuniy yoʻllar bilan yoki deklaratsiyalanmagan holda kirib kelgan hisoblanadi!
    Bu kabi telefonlarni xarid qilar ekansiz, kelgusida telefon buzilib qolsa, rasmiy servis xizmatlaridan ham foydalana olmaysiz! Shunday ekan, eng yaxshisi, IMEI-kodlari roʻyxatdan oʻtkazilmagan telefonlarni sotib olmang!«, deydi u.