Prezidentimizning o'tgan yil 3-dekabrdagi “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”dagi qaroriga binoan O'zbekiston Milliy universitetining tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan S.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyiga joriy yil uchun uch yarim milliard so'm ajratiladi.

Ushbu mablag' iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash uchun zarur sharoit yaratish, ularning ilm-fanga intilishini rag'batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro'yobga chiqarish borasidagi islohotlarni tizimli amalga oshirish hamda akademik ta'lim-tarbiya jarayonida yuqori natijaga erishgan litsey o'qituvchilarini moddiy rag'batlantirish hamda ta'lim muassasasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo'naltiriladi.

YAqinda O'zbekiston Milliy universiteti ko'magida optik tolali internet tarmog'i yotqizilib, litsey hududi to'liq WI-FI bilan ta'minlandi. Muassasada o'qitilayotgan fanlar bo'yicha ma'lumotlar universitetning maxsus platformasiga joylashtirildi.

Bu imkoniyatlar litsey o'quvchilarining yutuqlarida ko'rina boshladi. Jumladan, shu yilning 5-6 yanvar` kunlari o'tkazilgan respublika fan olimpiadasining Toshkent shahri bosqichida muassasa o'quvchilari matematika, fizika va informatika fanidan eng yuqori o'rinlarni egalladi. Oldinda bundan ham nufuzli bellashuvlardagi muvaffaqiyatlar turibdi. Ularni qo'lga kiritish uchun litsey jamoasi ham, o'quvchilari ham belni mahkam bog'lagan.

Go'zal YO'LDOSHEVA