Imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga nogironlik aravachalari topshirildi

    3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni. “Mahalla” xayriya jamoat fondi mazkur sana munosabati bilan joylarda xayriya tadbirlarini o'tkazmoqda. Tadbirlarda imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga nogironlik aravachalari, ortopedik va eshitish moslamalari topshirilmoqda.

    — Bugun Yashnobod tumanida ana shunday xayriya tadbiri tashkil etildi, — deydi fondning Toshkent shahar bo'limi boshqaruvi raisi A.Dalaboyev. — 6 nafar yurtdoshimizga nogironlik aravachalarini topshirdik. Darvoqe, Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan boshqa tumanlarda ham xayriya tadbirlari o'tkazishilmoqda. Imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizni qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan bu kabi xayrli tadbirlarni davom ettiramiz.

    Ta'kidlash kerak, bugun Chilonzor tumanida ham yana bir xayrli ishga qo'l urildi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi tomonidan Chilonzor ko'chasi 95 uyda istiqomat qiluvchi Abdug'afur ota Vahobovga ham nogironlik aravachasi sovg'a qilindi.

    Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan o'tkazilayotgan xayriya tadbirlari dekabr oyining oxiriga qadar davom etadi.

    “Mahalla” jamg‘armasi

    matbuot xizmati.