Import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish ustuvor ahamiyatga ega

    Mamlakatimizda 1 Dekabr 2021 2353

    Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) tomonidan shahar hokimligi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati koʻmagida tashkil etilgan navbatdagi “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Chirchiq shahar hokimligi rahbariyati, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar ishtirok etdi.

    Yarmarkada metallurgiya, kimyo, elektr energetikasi, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari va qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarish hamda boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 1 000 yaqin korxona tomonidan ishlab chiqarilgan 4,4 mingdan koʻproq turdagi mahsulotlar namoyish etildi.

    Yarmarka mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, sanoat kooperatsiyasi aloqalarini rivojlantirish va qiymat zanjirlarini yaratish, mahalliy korxonalarning keng turdagi mahsulotlari targʻib qilish, shuningdek, turli sohalarda biznes vakillari oʻrtasida bevosita aloqalarni oʻrnatish maqsadida tashkil etildi.

    Yarmarka doirasida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar namoyish etildi, istiqbolli investitsiyaviy loyihalarning taqdimotlari oʻtkazildi.

    Tadbir yakunida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi “Elektron kooperatsiya portali” orqali umumiy qiymati 666 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan 596 hamkorlik shartnomasi tuzildi. Bundan tashqari, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha 179 ta bitim imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.