"Kecha yarmarkada koʻrdim. Viloyatda bu borada katta maktab shakllanib ulgurdi, yangi korxona qilaman, degan tadbirkorlar ham koʻp. Lekin ikki yilda viloyatga chetdan 1 milliard dollarlik asbob-uskunalar import qilingan. Ularni ishlab chiqarishni qancha tez oʻzlashtirsak, iqtisodiyotni yangi texnologik bosqichga oʻtkazishda eng muhim qadam boʻladi", — dedi davlatimiz rahbari.
Masalan, Buloqboshidagi “Molekulyar kimyo” korxonasi respublikada yagona boʻlgan boʻyash dastgohlarini ishlab chiqarishni boshlagan. Mutasaddilar yana 10-15 ta shunday tadbirkorni topib, ularga sharoit qilib bersa, vaziyat mutlaqo oʻzgarishi taʼkidlandi.
Afsuski, bunday tadbirkorlarga uskunasi uchun sertifikat olish, roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni qiyinligi, uzoq vaqt talab qilgani sababli ular loyihalarga pul tikishdan xavfsirayapti. Masʼullarga ular bilan yaqin muloqot oʻrnatish va loyihalariga koʻmaklashish topshirildi.
Bundan tashqari, mashinasozlik-konstruktorlik ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish Andijondan boshlanishi belgilandi.
Jumladan, tarmoqlar rahbarlari toʻqimachilik, charm-poyabzal, mebel, avtomobilsozlik kabi “drayver” sohalarda talab yuqori boʻlgan kamida 5 turdagi import uskunasining texnik koʻrsatkichini oʻrganadi. Ularning konstruktorlik yechimlarini mahalliy korxonalarga taklif qiladi. Bunday uskunalarni mahalliylashtirish istagidagi tadbirkorlarga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit beriladi.