Imtiyozlarning samaradorligi tahlil qilindi

    Hukumat 1 Noyabr 2022 6075

    Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida iqtisodiyot tarmoqlariga yo‘naltirilgan imtiyozlar samaradorligi tahlili bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

    Insonlar o‘z biznesini boshlashi, nochor korxonalar yoki chekka hududlar “oyoqqa turib olishi” va yangi eksport bozorlariga kirishi uchun ba’zan yordam kerak. Bu pirovard natijada yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishi va aholi daromadlari oshishiga xizmat qiladi.

    Shu maqsadda oxirgi yillarda bir qator imtiyozlar joriy etildi. 2021-yilda ularning jami hajmi 51 trillion so‘mni tashkil qilgan. Natijada o‘tgan yili 170 mingta yangi tadbirkorlik sub’ekti ochilgan, 500 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan.

    Oxirgi olti yilda birgina soliq sohasida 1 ming 400 ga yaqin imtiyozlar taqdim etilgan.

    Eksportni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan subsidiyalar ham o‘z natijasini berib, tadbirkorlarning tashqi bozorga chiqishiga madad bo‘lmoqda. Birgina o‘tgan yilda 280 milliard so‘mdan ortiq shunday subsidiyalar ajratilgan bo‘lib, uning 220 milliardga yaqini eksport bo‘yicha transport xarajatlariga yo‘naltirilgan. Natijada 2 ming 800 ta korxona ilk bor tashqi bozorga chiqqan.

    Shuningdek, eksportchi korxonalarga xalqaro standartlash va sertifikatsiyalash, sug‘urta va hatto reklama xarajatlari qisman qoplab berilmoqda. Natijada elektr texnikasi tarmog‘ida berilgan har bir so‘m subsidiya evaziga 870 so‘mlik eksport amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich to‘qimachilik sohasida 555 so‘m, qurilish materiallari sohasida 273 so‘mni tashkil etgan.

    Tadbirkorlarga ko‘maklashish uchun kredit foizlarini kompensatsiya qilish va kredit kafolatlari berish tizimi yaratildi. Ularga kredit yuklamalarini kamaytirish maqsadida Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 6 trillion 100 milliard so‘mlik majburiyatlar olingan bo‘lib, joriy yilning o‘zida 2 trillion 500 milliard so‘mlik kompensatsiyalar to‘lab berilgan.

    Lekin, joylarda imtiyozlardan samarasiz yoki maqsadsiz foydalanish holatlari ham uchrab turibdi. Masalan, davlat budjetidan 127 turdagi subsidiyalar joriy etilgan bo‘lsa-da, amalda ularning 15 tasidan foydalanilmayapti.

    Tarmoqlar va sohalar bo‘yicha ham imtiyozlar samaradorligi bir xil emas. Misol uchun, qishloq xo‘jaligiga berilgan har 1 so‘m imtiyoz evaziga sohada 33 so‘m qo‘shilgan qiymat yaratilmoqda. Bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 30 so‘m, ta’limda 22 so‘m, axborot texnologiyalarida 16 so‘mni tashkil etmoqda.

    Yig‘ilishda imtiyozlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    – So‘nggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlariga turtki berish uchun ilgari tariximizda bo‘lmagan imtiyozlarni joriy etishga majbur bo‘ldik. Bugun ulardan natija, saboq, tajriba qanday bo‘ldi, degan savolga javob topish kerak. Budjetdan ajratilgan har bir so‘mning hisob-kitobini joyiga qo‘yish, imtiyozlarning samaradorligini oshirish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Shundan kelib chiqib, Bosh vazir o‘rinbosari va moliya vaziriga barcha imtiyoz va subsidiyalarning natijadorligi ko‘rsatkichlarini belgilab, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha qat’iy nazorat tizimini joriy etish topshirildi.

    Hisob palatasida monitoring bo‘limi tashkil etib, imtiyozlar samaradorligini doimiy tahlil qilib borish vazifasi qo‘yildi.

    Soliq va bojxona imtiyozlarini xatlovdan o‘tkazib, samarasizlarini bekor qilish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun berilgan imtiyozlarni bir xillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

    Hududlar kesimida olganda, soliq imtiyozlarining 31 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarining ulushi 2 foizdan oshmaydi. Lekin Surxondaryoning Oltinsoy tumanida ham, Toshkent shahrining Mirobod tumanida ham tadbirkorlar uchun belgilangan talablar, soliqlar, imtiyozlar, subsidiya, kompensatsiya va preferensiyalar bir xil.

    Shu bois davlatimiz rahbari soliq imtiyozlarini hududlarning rivojlanish darajasidan kelib chiqib belgilash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

    – Endi joylarga borib, manzilli qarorlar qabul qilib, imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanib, chekka-chekka tumanlarni ham rivojlanish yo‘liga olib chiqish kerak, – dedi Prezident.

    Aholi va tadbirkorlarning bu borada xabardorligini oshirib, imtiyozlardan foydalanish qamrovini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Subsidiyalar bo‘yicha yagona ochiq portal yaratib, barcha imtiyozlarni bosqichma-bosqich shu orqali berish taklifi bildirildi.