Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.
Farmonga muvofiq, 2025/2026 oʻquv yilidan:
— davlat oliy taʼlim tashkilotlarida maktabgacha taʼlim yoʻnalishi boʻyicha dual taʼlim shakli joriy etiladi;
— maktabgacha taʼlim yoʻnalishining sirtqi va kechki taʼlim shakllari boʻyicha har yili kamida 200 ta maqsadli qabul kvotalari ajratiladi.
2018–2022-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bogʻchalarni tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish muddati 5-yilga uzaytiriladi.
2024-yil 1-oktyabrdan jismoniy shaxs bir paytning oʻzida bir nechta oilaviy nodavlat bogʻchada mehnat faoliyatini yuritayotgan boʻlsa, ijtimoiy soliq summasi uning bitta (asosiy) ish joyi boʻyicha toʻlanadi.
2025-yil 1-sentyabrdan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bogʻchalarni tashkil etish toʻgʻrisidagi bitimlar Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida elektron shaklda tuziladi.
2025-yil 1-yanvardan qamrov darajasi past boʻlgan davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boʻsh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bogʻchalar faoliyatini yoʻlga qoʻyishga ruxsat etiladi.