Inbazar asoschisi Omadbek Holmatovga nisbatan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda

    Inbazar asoschisi zoʻravonlik qilayotgani aks etgan eski holatlar yuzasidan hech kim murojaat qilmasada, poytaxt IIBB tergovga qadar tekshiruv oʻtkazishni boshladi.

    Bu haqda Kun.uz Toshkent shahar IIBB axborot xizmatiga tayanib xabar qildi.

    “Bu shaxsga nisbatan internetda tarqalgan videolar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda. U [videodagi] holatlar eski boʻlib, muqaddam hech kim ariza bilan murojaat qilmagan. Hozir videoda aks etgan shaxslarning shaxsi aniqlanib, tekshiruv oʻtkazilmoqda”, — deyiladi Toshkent shahar IIBB axborot xizmati maʼlumotida.

    Eslatib oʻtamiz, shu yilning 14-sentyabr kuni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi yirik savdo markazlaridan biri boʻlmish Inbazarʻning Sergeli tumanidagi savdo markazi masʼuli Mehroj ismli xodimini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Koʻp oʻtmay tarmoq rahbari videomurojaat qilib, zoʻravonga jazo koʻrilishini aytib chiqdi.

    Shundan soʻng, rahbarning oʻzi ishchilariga zoʻravonlik qilgani, kaltaklagani aks etgan videolar ham tarqaldi.