Inchon va Sirdaryo viloyati yelkadosh boʻlmoqchi

    Xalqaro hamkorlik 31 Iyul 2020 1282

    Koreya Respublikasining Inchon shahri va Sirdaryo viloyati oʻrtasida sogʻliqni saqlash, tibbiyot turizmi sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

    30-iyulda Inchon shahridagi Koreya-Oʻzbekiston Biznes markazida mamlakatimiz elchixonasi va Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi hamkorligida Sirdaryo viloyati hokimligi hamda Inchon shahri maʼmuriyatining sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xavfsizlik byurosi oʻrtasida videokonferens aloqa orqali oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Videokonferens aloqada viloyat hokimining oʻrinbosari, viloyat turizmni rivojlantirish va sogʻliqni saqlash boshqarmalari vakillari ishtirok etdilar.

    Muloqotdan koʻzlangan asosiy maqsad ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, viloyatda sogʻliqni saqlash, tibbiyot va turizm sohasini rivojlantirishdan iboratdir.

    Muloqot davomida viloyat hokimining oʻrinbosari O.Nosirov viloyatda sogʻliqni saqlash va turizm sohalari jadal rivojlanayotganligi hamda sogʻliqni saqlash, tibbiyot va turizmning boshqa turlarida katta imkoniyatlarga ega ekanligi hamda viloyatimiz Inchon shahriga oʻxshab Respublikamiz poytaxti Toshkent shahriga yaqin hudud ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, Inchon shahri Administratsiyasi rahbariyati bilan doimiy hamkorlikda ish olib borish hamda sohalarni rivojlantirish yuzasidan bir qancha takliflarni bildirib oʻtdilar.

    Maʼlumot uchun, bugungi kunda Inchon shahrida 3 250 ta tibbiyot muassasalari faoliyat yuritib keladi. Inchon maʼmuriyatining sogʻliqni saqlash va farovonlik byurosi bosh direktori Kim Xai Kyong Oʻzbekiston bilan mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini alohida taʼkidladi.

    Shu bilan birga Inchon sayyohlik tashkiloti vitse-prezidenti LiGun U oʻz soʻzida viloyatning turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan barcha imkoniyatlarni safarbar etishini bildirdi. Shuningdek, karantin holati yumshatilgandan soʻng, delegatsiya Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, viloyat sogʻliqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan shifokor va tibbiyot mutaxassislarini kelgusida Koreya Respublikasiga malaka oshirishga joʻnatish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.