Unda Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari U. Azamov, “Wingspan” kompaniyasi raisi va ijrochi direktori Niraj Rati hamda tashkilot rasmiylari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda dastlab xorij kompaniyasi vakillariga respublikamizning turli yoʻnalishlardagi sayyohlik imkoniyatlari, xorijiy sayyohlik agentliklari uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, tomonlar Oʻzbekistonning turistik salohiyatini Hindistonda keng targʻib qilish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida, xususan, Hindistondagi turli elektron platformalar orqali targʻibot ishlarini olib borish va kino sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirish zarurligini taʼkidlashdi.

Xorijiy tomon Hindistonning janubiy shtatlaridan ziyoratchilarni alohida charter reyslar orqali mamlakatimizga safarlarini tashkil etish yuzasidan oʻz takliflarini kiritdi. Mazkur yoʻnalishda turizm sohasida faoliyat olib borayotgan mamlakatimizning tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda ishlash boʻyicha kelishib olindi.

Janob Ratining qayd etishicha, “IndiGo” aviakompaniyasi joriy yil sentyabr oyidan “Dehli – Toshkent – Dehli” yoʻnalishi boʻyicha haftasiga 4-marta muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.

Muzokaralar yakunida, Madaniyat va turizm vazirligi va “Wingspan” kompaniyasi muhokama etilgan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish boʻyicha bosqichma-bosqich qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldi.