Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati, xususan, paxta-toʻqimachilik klasterlarini global ishlab chiqarish zanjiriga ulash imkoniyatlarini muhokama qildilar.
“Inditex” kompaniyasi ijtimoiy barqarorlik boʻyicha direktori Indalesio Peres alohida taʼkidlaganidek, dunyo toʻqimachilik sanoatining yirik vakillari, xususan, Ispaniya kompaniyalari Oʻzbekiston bozoriga katta qiziqish bildirmoqda. Buning bir necha sabablari bor. Avvalo, yurtimiz paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash borasida yuqori salohiyatga ega. Qolaversa, sohada munosib mehnat sharoiti yaratilib, ochilik va shaffoflik taʼminlanyapti. Bu esa yirik brendlarning Oʻzbekiston bozoriga kirishga undamoqda.
Darhaqiqat, Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi Oʻzbekistonda qulay biznes va investitsiya muhiti yaratilib, paxta-toʻqimachilik sahasini rivojlantirishning innovatsion modeli, yaʼni klaster tizimiga oʻtildi. Natijada eng soʻnggi texnologik uskunalar bilan jihozlangan zamonaviy toʻqimachilik fabrikalari bunyod etilmoqda. Bu esa xalqaro brend va riteylerlar talabi darajasidagi yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beryapti. Ayni shu jihat tarkibida “Zara”, “Pull&Bear”, “Massimo Dutti”, “Bershka”, “Stradivarius”, “Oysho”, “Uterque” singari brendlarni birlashtirgan “Inditex” kompaniyasi eʼtiborini tortmoqda.
Aytish joizki, erkak va ayollar kiyimlarining chakana savdosiga ixtisoslashgan ushbu kompaniya dunyoning 96 davlatida 2 mingdan ortiq savdo tarmoqlariga ega. Yillik tovar aylanmasi qariyb 20 milliard yevroni tashkil etadi. U buyurtmalarining maʼlum qismini Oʻzbekistonga joylashtirishi tikuv-trikotaj va toʻqimachilik sanoatimiz rivojida yangi bosqichni boshlab berishi shubhasiz.
— Chet ellik mehmonlar paxta-toʻqimachilik klasterlari ishlab chiqarish salohiyati, ishchilar mehnat sharoiti, shuningdek, paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash jarayonining atrof-muhitga taʼsiri bor-yoʻqligi bilan qiziqdi, — deydi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Uyushmamiz tizimidagi 134 ta klaster xalqaro brendlar buyurtmasini qabul qilishga tayyor ekanligi, ayniqsa, biologik paxat yetishtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar ularda katta taassurot qoldirdi. Klasterning sanoat salohiyati, ekologik toza mahsulot yetishtirish borasida erishayotgan yutuqlari Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Cluster” koʻp tarmoqli klaster faoliyati misolida tushuntirib berildi.
Klasterlar imkoniyatlari bilan yaqindan tanishgan “Inditex” kompaniyasi delegatsiyasi shu yili kamida 200 million dollarlik buyurtmalar berish istagi borligini maʼlum qildi. Bu borada muzokaralar davom ettiramiz.
Oʻzbekiston bozoriga “Inditex” kompaniyasi singari yirik brendlarning kirib kelishi tufayli kelgusi yilning oʻzida kalava ipni chuqur qayta ishlash hajmi salkam ikki barobarga ortib, eksport salohiyati keskin oshishi kutilmoqda.