Indoneziya Boeing 737 samolyoti qulashining taxminiy sababini maʼlum qildi

    Voqea-hodisalar 11 Yanvar 2021 680

    10-yanvar kuni qulagan Indoneziya Sriwijaya Air kompaniyasiga tegishli Boeing 737-500 yoʻlovchi samolyoti suvga urilish taʼsirida qulagan boʻlishi mumkin, deya taxmin qilinmoqda.

    “Bu hali yakuniy xulosa emas... Dastlabki dalillar shuni koʻrsatmoqdaki, samolyot zarba bilan qulagan”, - dedi Transport xavfsizligi qoʻmitasining havo xavfsizligi boʻyicha rahbari Nurkahio Utomo.

    Uning maʼlum qilishicha, samolyot qulab tushayotgan vaqtda, uning boʻlaklari katta maydonga sochilib ketgan.

    Samolyot 10-yanvar kuni halokatga uchragan. Jakarta aeroportidan havoga koʻtarilgandan bir necha daqiqa oʻtgach, u radar ekranidan yoʻqolgan, soʻng Laki oroli yaqinidagi suvga qulab tushgan. Shu bilan birga, Indoneziya Qidiruv-qutqaruv boshqarmasi xabar berganidek, samolyot favqulodda signal bermagan.

    Aviakompaniya maʼlumotlariga koʻra, bortda 62 kishi boʻlgan: 56 yoʻlovchi va oltita ekipaj aʼzosi.