Soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekiston va Indoneziya oʻrtasida barcha sohalarda, jumladan, parlamentlar oʻrtasida hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi.

Indoneziya parlamenti vitse-spikeri Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. “Biz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida tarixiy yodgorliklarni saqlash va Islom dinini hamda boy madaniy merosni oʻrganish boʻyicha ulkan ishlar olib borilayotganiga guvoh boʻldik”, - dedi u.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning foydalanilmagan katta salohiyatini qayd etib, ikki mamlakat uchun ustuvor boʻlgan yoʻnalishlarda aniq qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali samarali hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Indoneziya hukumatlararo komissiyasi faoliyati samaradorligini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Tomonlar toʻqimachilik, kimyo sanoati, farmatsevtika, turizm, madaniyat, taʼlim, gender tenglik va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da kengaytirishdan, shu jumladan taʼlim loyihalarini ragʻbatlantirishdan va talabalar hamda oʻqituvchilar almashishdan, ikki mamlakat taʼlim muassasalarida oʻzbek va indonez tillarini oʻrganishdan, ilmiy-akademik faoliyat olib borishdan, tibbiyot, ziyorat turizmini rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Parlamentlararo oʻzaro aloqalarni kuchaytirish muhimligini taʼkidlab, tomonlar turli darajalarda oʻzaro tashriflarni amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladilar, doimiy muloqot, shuningdek, Oʻzbekiston va Indoneziya parlamentlari palatalarining tegishli qoʻmitalari oʻrtasida aloqalar muhimligini taʼkidladilar, bu, shubhasiz, ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yoʻlida Oʻzbekiston-Indoneziya hamkorligini yana-da chuqurlashtirish manfaatlariga javob beradi.