Indoneziya qirg'oqlarida Myanmadan kelgan to'qqiz nafar qochqinning jasadi topildi

    Qutqaruvchilar Indoneziya g'arbidagi Achex viloyati qirg'oqlaridan roxinjalarga mansub to'qqiz nafar myanmalik qochqinning jasadini topishdi. Bu haqda Antara agentligi xabar berdi.

    Avvalroq Indoneziya qirg'oq qo'riqchilari 100 ga yaqin roxinjalar bo'lgan kema cho'kib ketganidan so'ng 75 nafar qochqinni suvdan qutqarishga muvaffaq bo'lgan edi. 10 dan ortiq odam bedarak yo'qolgan, hodisa yuz bergan hududda qidiruv ishlari davom etmoqda.

    Roxinjalar Myanmadagi islomiy etnik-diniy ozchilikdir. Ular asosan Bangladesh bilan chegaradosh Rakxayn shtatida yashaydi, bu yerda bir necha bor mahalliy buddistlar bilan to'qnashuvlar sodir bo'lgan. Ushbu etnik guruhning ko'plab vakillari Myanmadan Bangladeshga qochib ketishdi. Ba'zilar mintaqaning boshqa mamlakatlariga – Indoneziya, Malayziya, Tailandga ko'chib o'tishga harakat qilmoqda, deb xabar beradi tass.ru.