Oʻzbekiston turizmi salohiyatini Sharqiy Osiyo mamlakatlarida keng targʻib etish maqsadida Indoneziyada boʻlib turgan Turizm qoʻmitasi delegatsiyasi aʼzolari bugun Indoneziya Musulmonlar idorasi (Majelis Ulama Indonesia) rahbariyati bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatlar oʻrtasida “Halal tourism” targʻibotini yanada kuchaytirish, musulmon sayyohlar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari muhokama etildi.
Ikki tomonlama muloqot chogʻida rasmiylar Indoneziyadan Oʻzbekistonga boruvchi musulmon sayyohlar sonini oshirish, bunda hamyonbop tur paketlar ishlab chiqish va sifatli xizmat koʻrsatish boʻyicha qator masalalar koʻrib chiqildi.
“Biz Oʻzbekistonning qadimiy tarixi va turizm imkoniyatlari haqida birmuncha maʼlumotlarga egamiz. Oʻzbekistonlik qomusiy olimlar tomonidan Islom dini tashviqoti uchun amalga oshirilgan ishlar va ularning ilmiy meroslari bilan yaqindan tanishish imkoniyati indoneziyalik musulmonlarni xursand etadi. Jumladan, Sumatra orolida yashovchi aholining 5 mln nafardan ortigʻi Naqshbandiya tariqati asosida hayot kechiruvchilar hisoblanadi. Shu boisdan Oʻzbekistonga tashrif buyurishni istovchilar soni juda koʻplab topiladi”, dedi Indoneziya Musulmonlar idorasi Xalqaro aloqalar boʻlimi rahbari doktor Sudarnoto Abdul Hakim.
Muloqot davomida ayni paytda Buxoroda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida indoneziyalik rasmiylarga toʻliq maʼlumot berildi.
Uchrashuv yakunida Indoneziyadagi masjidlar va ularning atrofidagi aholi gavjum xiyobonlarda oʻrnatilgan ekranlarda Buxoro targʻiboti boʻyicha videoroliklarni namoyishini tashkil etish borasida kelishib olindi.