Indoneziyaliklar Oʻzbekistonning Islom merosiga katta qiziqish bildirdi

    Turizm 30 Iyul 2020 1591

    Oʻzbekiston-Indoneziya oʻrtasida Ziyorat turizmi yoʻnalishidagi hamkorlik aloqalari faollashadi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Indoneziyadagi elchisi U. Roʻziqulov Indoneziya parlamenti Vakillar palatasining fuqarolar farovonligi masalalari boʻyicha spiker oʻrinbosari Muhaimin Iskandar bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston bilan Indoneziya oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona aloqalar, shuningdek, milliy va xalqaro miqyosda oʻzaro siyosiy anglashuv va qoʻllab quvvatlashga alohida eʼtibor qaratishdi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish va rivojlantirish uchun katta salohiyat borligi qayd etildi.

    M. Iskandar Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga alohida toʻxtalib, butun dunyo, shu jumladan, musulmonlar diyorimizga katta qiziqish bildirishini taʼkidladi. Spiker oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, indoneziyaliklar Oʻzbekistonning Islom merosiga katta hurmat va qiziqish bilan qarashadi. Shu sababdan tomonlar “ziyorat turizmi” yoʻnalishidagi hamkorlikni faollashtirishga kelishib olishdi.

    Uchrashuvda shuningdek “Uzbekistan Airways” AJning Indoneziyadagi vakili A. Xodjayev ishtirok etib, Indoneziyaning “Umra+” dasturi boʻyicha Jakarta-Toshkent-Jakarta yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareys va indoneziyalik ziyoratchilarni tranzit tashish hamda aviakompaniyaning yoʻlovchi va yuk tashishga oid imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.

    Uchrashuv yakunida vitse-spiker parlament delegatsiyasi tarkibida Oʻzbekistonga ilk bor tashrif rejasi haqida toʻxtalib oʻtdi. Tomonlar Oʻzbekistonga muntazam aviaqatnovlar qayta tiklanganidan soʻng tashrif muddatlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.