Ma’lumki, mazur shahar 1 million aholi yashashiga mo‘ljallangan. Infratuzilma shunga mos va uzoq muddatli bo‘lishi kerak. Shu bois hozirgi kunda katta hajmda yer osti muhandislik ishlari bajarilib, ulkan bunyodkorlikka zamin yaratilmoqda.
Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo‘ladi. Masalan, ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar uyg‘unlikda harakatlanadi. Transportlar qatnovi uchun 14 ta tunnel, 100 ming avtomobilga mo‘ljallangan yer osti turargohlari quriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning to‘siqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratiladi.
Bugungi kunda bo‘lajak chorrahalardan birida ustunlar poydevorini quyish va gidroizolyatsiya ishlari bajarilmoqda. Prezidentimiz bu jarayonni ko‘zdan kechirdi. Kelajakni inobatga olib, qurilishda yuqori sifatli va tashqi ta’sirlarga chidamli mahsulotlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, ayni paytda bir va ikki seksiyali muhandislik kollektorlari qurilishi boshlangan. Ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer tagidan o‘tkaziladi.
Shaharda zamonaviy urbanizatsiya talablari asosida “aqlli” texnologiyalar qo‘llaniladi. Yurtimizda ilk bor “uch generatsiya” stansiyasi quriladi. Oqova suvlar ham zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, sug‘orish va texnik maqsadlar uchun yo‘naltiriladi.
Davlatimiz rahbariga Yangi Toshkentning birinchi bosqichida ko‘zda tutilgan loyihalar haqida ham axborot berildi. Auksion orqali sotuvga chiqarilgan yer uchastkalari g‘oliblari o‘zlarining investitsiyaviy loyihalarini taqdim etishdi.
Shaharga ko‘plab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Xususan, birinchi bosqichda 490 million AQSH dollari qiymatidagi 11 ta ko‘p funksiyali (mix-used) majmua, mehmonxona va restoranlar loyihalari boshlangan. Turar joylar, tijorat joylari va ijtimoiy muassasalar hududni gavjumlashtiradi. Mehmonxona va restoranlar, o‘ziga xos dizayndagi muhtasham binolar tashrif buyuruvchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishi bilan birga shaharni turizm markaziga aylantiradi.
Yanagi yilda shaharning keyingi bosqichlari uchun yer uchastkalari bosqichma-bosqich taklif qilinadi. Har bir bosqichda, yangi investitsion imkoniyatlar va loyihalar taqdim etiladi. Bu, o‘z navbatida, nafaqat shaharni rivojlantirish, balki ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy biznesni qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.
Umuman, kelajakda shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli 200 mingta ish o‘rni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT-park, ta’lim va tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.