Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi tashkil etiladi

    Mamlakatimizda 14 Fevral 2024 1631

    2024-yil 8-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim sohasi ob’ektlarini barpo etishda buyurtmachi xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-65-sonli qaror imzolandi.

    Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi tashkil etiladi.

    2024-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Kompaniya maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi vazifasini bajaradi.

    Kompaniyaga:

    - ob’ektlar uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalar ishlab chiqaruvchilar takliflari o‘rtacha birja narxlaridan 20 foiz arzon bo‘lgan taqdirda, istisno tariqasida, tender (tanlov) savdolarini o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflar orasidan tanlab olish orqali tovarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish;

    - asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra ob’ektlar uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallari, jihozlar va konstruksiyalarni xarid qilish (yetkazib berish) uchun oldindan 30 foiz bo‘nak ajratish;

    - hududlarda zarur infratuzilmaga ega omborxonalar tashkil etish uchun tender (tanlov) savdolarini o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara shartnomalarini tuzish huquqi beriladi.

    Shuningdek, Chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanyapti, unga muvofiq boshqalar qatori:

    - joriy yil 20-fevralga qadar Kompaniyaning rahbarlik lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilishi kerak;

    - 2024-yil aprel oyiga qadar ob’ektlarda texnik nazoratni olib borishga shaharsozlik faoliyati sohasida kamida uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar (texnik nazoratchilar) jalb etiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024-yil 10-fevraldan kuchga kirdi, deb xabar beradi «Norma».