O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng o‘z huquqiy tizimini shakllantirdi va rivojlantirdi. Biroq, hozirgi jadal sur’atlarda rivojlanayotgan xalqaro biznes muhitida raqobatbardosh bo‘lish uchun O‘zbekistonning huquqiy tizimi xalqaro standartlarga moslashishi zarur sanaladi.

Ingliz huquqi – global biznes tili

Ingliz huquqi (Common Law) bugungi kunda xalqaro biznes sohasida eng ko‘p qo‘llaniladigan huquqiy tizimlardan biridir. London, Nyu-York, Singapur, Gonkong kabi global biznes markazlarida Ingliz huquqi asosiy ahamiyatga ega. Jahon savdosining katta qismi, investitsiyalar va turli xil shartnomalar aynan Ingliz huquqi asosida tuziladi[1].

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning eng katta 500 ta kompaniyasining 40% dan ortig‘i muhim xalqaro shartnomalarini Ingliz huquqi doirasida tuzishni afzal ko‘radi. Bu Ingliz huquqining nafaqat tarixiy merosidan, balki uning moslashuvchanligi, oldindan bashorat qilish imkoniyati va sud qarorlarining uzluksiz izchilligidan kelib chiqadi.

Ingliz huquqi quyidagi sabablarga ko‘ra xalqaro biznesda keng tarqalgan:

  1. Pretsedent huquqi – sud qarorlari orqali shakllangan tartib-qoidalar tizimi bo‘lib, u yangi vaziyatlarga tezda moslashishi mumkin;
  2. Shartnoma erkinligi prinsipi – taraflarga o‘z munosabatlarini erkin belgilash huquqini beradi, bu biznes uchun juda qulay;
  3. Huquqiy aniqlik va barqarorlik – asrlar davomida shakllangan sud amaliyoti oldindan bashorat qilish imkoniyatini beradi;
  4. Xalqaro e’tirof – ko‘plab mamlakatlar sudlari Ingliz huquqi bo‘yicha qarorlarni tan oladi va ijro etadi.

Yevropa Ittifoqi huquqi – global standartlarning beshigi

Yevropa Ittifoqi huquqi – bu 27 ta a’zo davlatda amal qiladigan huquqiy qoidalar va normalarning murakkab tizimidir. Bu tizim nafaqat YeI doirasida, balki butun jahon miqyosida katta ta’sirga ega. YeI huquqi ko‘pincha global standartlarni belgilaydi, masalan, ma’lumotlarni himoya qilish (GDPR), raqobat huquqi, iste’molchilar huquqlari va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida.

YeI huquqining o‘ziga xos xususiyati – bu turli huquqiy an’analarni (kontinental va umumiy huquq) birlashtirib, yagona huquqiy makon yaratishga qaratilgan yondashuvidir. Bu globallashuvning bugungi sharoitida juda ahamiyatli bo‘lib, turli huquq tizimlarini muvofiqlashtirishga misol bo‘la oladi.

YeI dunyodagi eng katta va eng boy bozorlardan biri hisoblanadi. 450 million aholisi va 20 trillion dollardan ortiq YaIMga ega bo‘lgan[2] YeI, xalqaro kompaniyalar uchun jozibador bo‘lgan iste’mol va investitsiya markazidir. YeI standartlariga muvofiq faoliyat olib borish kompaniyalarga bu ulkan bozorga kirish imkoniyatini beradi.

YeI bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston uchun YeI huquqiy tizimini tushunish va unga moslashish muhim ahamiyatga ega. Bu nafaqat YeI bozoriga kirish, balki O‘zbekistonning o‘zida investitsiya muhitini yaxshilash va xorijiy kompaniyalarni jalb qilish uchun ham zarurdir.

O‘zbekistonda ingliz huquqini joriy etishga qaratilgan davlat siyosati

So‘nggi-yillarda mamlakatimizda biznes muhitini yaxshilash, sud tizimini mustahkamlash va xalqaro standartlarga moslashishga qaratilgan huquqiy islohotlar jadallashdi.

Xususan, 2017-2021 yillardagi “Harakatlar strategiyasi” va uning davomchisi “Taraqqiyot strategiyasi”, O‘zbekistonda huquqiy islohotlarning muhim bosqichlaridan biri bo‘ldi. Bu strategiya doirasida qonunchilik takomillashtirildi, sud tizimi isloh qilindi, investorlar huquqlari himoyasi kuchaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda ingliz huquqini o‘rganish va joriy etishga qaratilgan bir qator muhim qadamlar qo‘yildi. Bular orasida ahamiyatlisi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazini (TIAC) tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4001-son qaroridir. Ushbu qarorda investitsiyalar bilan bog‘liq nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etishning zamonaviy va xalqaro standartlarga asoslangan mexanizmlarini shakllantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini mustahkamlash maqsadi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 16-fevralda qabul qilingan “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi Qonuni 44-moddasida nizolarni hal qilishda taraflar kelishuviga binoan qo‘llanishi lozim bo‘lgan huquq normalarini o‘zlari belgilashi mumkinligi nazarda tutilgan. Bu esa nizolarni Ingliz huquqi asosida hal qilish imkoniyatini beradi.

Biroq, O‘zbekiston huquqiy tizimida uchraydigan bir qator muammolardan ko‘z yuma olmaymiz, xususan:

  1. Huquqiy tartibga solishning beqarorligi – qonunchilik tez-tez o‘zgarib turadi, bu biznes uchun ma’lum darajada noaniqlik tug‘diradi;
  2. Huquqni qo‘llash amaliyotidagi nomuvofiqliklar – qonunlarning amalda qo‘llanilishi turli hududlarda va turli idoralarda har xil bo‘lishi mumkin;
  3. Sud qarorlarining oldindan bashorat qilish imkoniyatining pastligi – bu investorlar uchun huquqiy xavflarni baholashni qiyinlashtiradi;
  4. Xalqaro huquqiy amaliyot bilan integratsiyalashuv darajasining yetarli emasligi – bu xalqaro biznes uchun to‘siq yaratadi.

Chet el investorlari uchun huquqiy kafolatlar

Chet el investorlariga ingliz huquqi asosida shartnomalar tuzish va nizolarni xalqaro arbitrajda hal qilish imkoniyatini yaratish, O‘zbekistonga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Buning uchun maxsus huquqiy rejimlar va erkin iqtisodiy zonalar yaratish samarali vositalardan sanalishi rivojlangan jahon mamlakatlari tajribasidan ma’lum.

Huquqiy kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlari

O‘zbekistonda ingliz huquqini tushunadigan va qo‘llay oladigan yuristlarga bo‘lgan ehtiyoj kundan-kunga ortib bormoqda. Shu sababdan, mamlakat oliy o‘quv yurtlarida bu yo‘nalishda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi yuridik ta’lim va fani tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida rivojlangan xorijiy davlatlar huquq tizimlarini qiyosiy tadqiq qilish asosida yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash, ingliz huquqini o‘rganish markazini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Bu yo‘nalishda eng muhim qadam - Toshkent davlat yuridik universitetida “Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi” kafedrasining tashkil etilishi bo‘ldi. Ushbu kafedraning asosiy vazifasi - O‘zbekiston yuridik ta’lim tizimiga ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqini chuqur joriy etish, bu sohalarda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va malakali kadrlar tayyorlashdan iborat hisoblanadi.

Kafedrada o‘qitish jarayoni ingliz tilida olib boriladi va o‘quv dasturi Buyuk Britaniya va boshqa rivojlangan davlatlarning yetakchi universitetlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan. Talabalar ingliz umumiy huquqi (Common Law), shartnomaviy huquq, korporativ huquq, xalqaro savdo huquqi, YeI huquqi kabi fanlarni o‘rganadilar. Shuningdek, xorijiy hamkor universitetlar bilan aloqalari tufayli kafedrada ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi bo‘yicha yuqori malakali chet ellik professor-o‘qituvchilar bevosita faoliyat yuritadi.

Bu kabi ta’lim tashabbuslarining amalga oshirilishi O‘zbekistonni global huquqiy maydonga integratsiyalashuvini tezlashtirish bilan birga, mamlakat yuridik kadrlari salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.

Yevropa Ittifoqi huquqi va O‘zbekiston: hamkorlik yo‘nalishlari

O‘zbekiston va YeI o‘rtasida hamkorlik aloqalari 1996-yilda Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim (PCA) imzolanishi bilan boshlangan. 2021-yilda O‘zbekistonga YeIning GSP+ (Imtiyozli boj-tarif rejimi)[3] maqomi berilishi, O‘zbekiston mahsulotlarining YeI bozoriga imtiyozli kirish imkoniyatini yaratdi.

2007-yil Yevropa Ittifoqining yangi Markaziy Osiyo strategiyasi tasdiqlandi[4], unda O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratilgan. Bu strategiya doirasida YeI huquqiy tizimi bilan uyg‘unlashish bo‘yicha hamkorlik ko‘zda tutilgan[5].

O‘zbekiston quyidagi sohalarda YeI standartlariga moslashishdan manfaatdor:

  1. Texnik reglamentlar va sertifikatlash – bu O‘zbekiston mahsulotlarini YeI bozoriga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytiradi;
  2. Raqobat huquqi – monopoliyalarga qarshi samarali kurash va bozor mexanizmlarini mustahkamlashga yordam beradi;
  3. Intellektual mulk huquqi – bu investitsiyalar va innovatsiyalar uchun qulay muhit yaratadi;
  4. Ma’lumotlarni himoya qilish – raqamli iqtisodiyot sharoitida juda muhim ahamiyatga ega[6].

O‘zbekiston uchun huquqiy integratsiya strategiyasi

O‘zbekiston uchun eng maqbul yo‘l – bu bosqichma-bosqich “yumshoq” huquqiy integratsiya modelidir. Bu model o‘z milliy huquqiy an’analarni saqlab qolgan holda, xalqaro huquqiy tizimlarning eng yaxshi jihatlarini o‘zlashtirishni nazarda tutadi.

Bu model doirasida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish mumkin:

  1. Ingliz huquqi asosida shartnoma tuzish imkoniyatini yaratish – maxsus iqtisodiy zonalarda yoki xalqaro shartnomalar doirasida;
  2. Xalqaro arbitraj qarorlarini tan olish va ijro etish mexanizmlarini takomillashtirish;
  3. YeI bilan huquqiy hamkorlikni chuqurlashtirish – texnik reglamentlar, standartlar va sertifikatlash sohasida;
  4. O‘zbekiston qonunchiligi va sud amaliyotida xalqaro standartlarni qo‘llashni kengaytirish.

Amaliy qadam va tavsiyalar

O‘zbekistonda xalqaro huquqiy standartlarni, xususan Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi (YeI) me’yorlarini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar:

  • Xalqaro shartnomalar doirasida Ingliz huquqini qo‘llash imkoniyatini beruvchi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish
  • YeI standartlariga moslashtirilgan milliy qonunchilikni takomillashtirish
  • Xalqaro arbitraj to‘g‘risidagi qonunchilikni xalqaro me'yorlarga muvofiqlashtirish
  • Ingliz huquqi va YeI huquqi bo‘yicha mutaxassis kadrlarni tayyorlash dasturlarini yo‘lga qo‘yish
  • Davlat xizmatchilari uchun xalqaro huquq bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish
  • Xorijiy investorlar uchun ixtisoslashgan huquqiy maslahat markazlarini tashkil etish
  • Biznes vakillariga xalqaro shartnomalarni tuzishda Ingliz huquqi normalaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish
  • Tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini YeI standartlariga moslashtirish
  • Nizolarni hal qilishda xalqaro arbitraj mexanizmlarini qo‘llashni kengaytirish

Bu tavsiyalarning izchil amalga oshirilishi O‘zbekistonning xalqaro huquqiy makonga integratsiyalashuvini, investitsion jozibadorligini oshirishni va xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishni ta'minlashga xizmat qiladi.

Xulosa

O‘zbekiston uchun Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi bilan integratsiyalashuv – bu zamonaviy dunyoda raqobatbardosh bo‘lish va iqtisodiy rivojlanishning muhim sharti hisoblanadi. Bu yo‘lda muammolar bo‘lishi tabiiy, ammo to‘g‘ri strategiya va bosqichma-bosqich yondashuv orqali O‘zbekiston global huquqiy maydonning teng huquqli, ishonchli ishtirokchisiga aylanishi mumkin.

O‘zbekiston o‘z milliy huquqiy an’analarini saqlab qolgan holda, xalqaro huquqiy tizimlarning eng samarali elementlarini o‘zlashtirib, o‘z huquqiy tizimini modernizatsiya qilishi lozim. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish va milliy biznes uchun global bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradi.

Ingliz huquqi va YeI huquqi bilan integratsiyalashuv – bu nafaqat huquqiy, balki iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayon hamdir. Bu jarayonda muvaffaqiyatga erishish uchun davlat, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali hamkorlik zarur. Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali O‘zbekiston xalqaro huquqiy integratsiya yo‘lida sezilarli natijalarga erishishi mumkin.

 

Sardor Mamanazarov, 
Toshkent davlat yuridik universiteti Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi kafedrasi mudiri, PhD 

 

[1] https://www.qlts.co.uk/blog/why-english-law-governs-most-international-commercial-contracts/

[2] https://www.statista.com/topics/921/european-union/#:~:text=Today%20it%20comprises%2027%20member,by%20both%20of%20these%20metrics.

[3] https://trade.ec.europa.eu/access-to-markets/en/content/generalised-scheme-preferences-plus-gsp

[4] https://www.mase.gov.it/pagina/european-union-strategy-central-asia#:~:text=The%202007%20Strategy%20was%20aimed,in%20environmental%20and%20energy%20matters.

[5] https://www.eeas.europa.eu/uzbekistan/european-union-and-uzbekistan_en?s=233

[6] https://digital-strategy.ec.europa.eu/en/policies/strategy-data