Ingliz tili oʻqituvchilari uchun xalqaro seminar-trening tashkil etildi

    Tadbir Prezident ta'lim muassasalari agentligi huzuridagi pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi hamda Buyuk Britaniyaning Nottingham Trent universiteti professorlari tomonidan ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari o'qituvchilari uchun o'tkazilmoqda.

    3 kunlik seminar-treningda o'qituvchilar ingliz tilini o'qitish bo'yicha asosiy g'oyalar va yondashuvlar bilan faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'ladi.

    — Sifatli ta'lim jamiyatni o'zgartira oladi. Bundagi halq qiluvchi kuch esa — malakali pedagoglardir. Nottingham Trent universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur trening bu yo'ldagi maqsadlarimizga erishishda yana bir qadam bo'lib xizmat qiladi, — dedi tadbirda so'z olgan Prezident ta'lim muassasalari agentligi huzuridagi pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi direktori Sherzod Yakubov.

    “Ingliz tili darslarida o'quvchiga yo'naltirilgan yondashuvni qo'llash”, “Asosiy 4 ta ko'nikmani rivojlantirish”, “Ingliz tili darsi jarayonlarida interaktiv mashg'ulotlarni qo'llash”, “O'zlashtirish darajasi turli bo'lgan o'quvchilar bilan ishlash metodikasi”, “Darslikdagi o'qish va gapirish mashg'ulotlarini samarali o'tkazish”, “Tinglash va yozish ko'nikmalarini rivojlantirish”, "Ingliz tili darslarida formativ baholash”, “Ingliz tili o'qituvchilari uchun onlayn malaka oshirish kurslarini o'tkazish” mavzusidagi treninglar ingliz tilini xalqaro standartlar asosida o'qitish, ta'limni yuqori bosqichga olib chiqish uchun innovatsiyalar va texnologik echimlarni qo'llash kabi maqsadlarni o'zida mujassam etgan.

    Seminarni Nottingham Trent universitetining professor o'qituvchilari Martin Siver, Jeyn Vikkers o'tmoqda.

    — Men ilk bor O'zbekistonga 1994 - yilda kelganman. Bugun bu erdagi katta o'zgarishlarga, xususan, ta'lim tizimidagi islohotlarga guvoh bo'lib turibman. Ushbu tadbir o'qituvchilarning kelgusi faoliyati uchun samarali bo'ladi, deb umid qilaman, — deydi Nottingham Trent universitetining Akademik maqsadlarga yo'naltirilgan ingliz tili rahbari Martin Siver.

    Darslar Makmillan nashriyot uyining “Lazer” ingliz tili darsligi asosida interaktiv usulda bo'lib o'tmoqda. Ushbu seminardan o'rganilgan bilim va ko'nikmalar maktab o'qituvchilari orqali maktablarga keng targ'ib qilinadi.

    Bu seminar-trening uch bosqichli loyihaning birinchi bosqichidir. Ikkinchi bosqich onlayn bo'lishi rejalashtirilgan.

    Kelajakda ba'zi o'qituvchilar malaka oshirish, o'qitish jarayonini kuzatish va Buyuk Britaniya o'qituvchilari bilan ko'rishish uchun Nottingham Trent universitetiga borish imkoniga ega bo'ladi.