Uchkoʻprikliklar azaldan askiyaga oʻch, oʻzlari ham uncha-muncha voqea-tafsilotlarga toʻn bichib, yoqa kiygizib, ommaga yetkazishda ast boʻlib ketishgan. Mana qarang, Jinoyat ishlari boʻyicha Uchkoʻprik tuman sudining bir guruh qalloblar ustidan chiqargan hukmining siyohi qurimay turib, voqeani payrovga solishgani buning isboti.
– Mansurjon.
– Labbay, Abdulhay aka.
– Tumandoshingiz Murodjon injenerni juda nomi chiqqan deyishadi.
– Shunday, u yaxshi injener. Bordan yoʻq qiladi, yoʻqdan bor qiladiganlardan. Bu kishim sizni nega qiziqtirib qoldi.
– Ie, qiziq-da. U ish boshida turib, Mamachol qishlogʻiga million-million soʻm pul sarflab vertikal quduq qazib suv chiqazibdi.
– Yaxshi-yu aka, suv keltirgan elda aziz deyishadi-ku. Bola chaqalarni olib keling, boʻlmasa, bir suvidan toʻyib ichib, kamiga choʻmilib ketasiz, Abdulhay aka.
– Yaxshi taklif, Mansurjon. Lekin bu Murodjon deganlari mashhur Aldarkoʻsani ham yarim yoʻlda emas, hali yoʻlga chiqmay aldab ketsa keragov. Uddaburonligini qarang-a, quduqni qogʻozda qurib, pulini choʻntakka urib, ketibdi azamat.
– Oʻzi bu injenerni ancha-muncha odam tanirdi, endi siz ham bilib olibsiz. Zamona zayli bilan mana biz tanigan odamlardan ham qoʻsh diplomli – qoʻsh mutaxassislar chiqib qoldi. Nomi “Injener-korrupsioner”. Uni avval ustalarning toʻgʻrisi deb chaqirardik, endi byudjet pulining oʻgʻrisi deb atarkanmiz-da.
Payrovga tushgan bu voqea tafsiloti aslida bunday boʻlgandi. Avval boshdan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-fevraldagi 109-sonli qarori Nizom talablariga zid ravishda Uchkoʻprik tumani, “Oqsuv” mahalla fuqarolar yigʻini, Momochol qishlogʻidagi tomorqa yer maydonida vertikal sugʻorish qudugʻini burgʻulash loyihasi toʻliq bajarildi. Yaʼni, elektr nasos keltirildi, necha oʻn metrlab quvurlar oʻrnatildi, boshqarish stansiyasi ishga tushirildi, tarzida dastlabki soxta hujjatlar hozirlandi.
Bu ishga fermer Mirsobir Turdiyev, tumandan masʼul xodim Fazliddin Jumanov, va “Tavakkal” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Murodjon Hamroboyev qoʻl urishdi. Oʻzaro kelishib, M.Hamroboyevni “kattakon” qilib saylashdi (ism-shariflar oʻzgartirilgan).
Andin soʻng, shu hududdagi 30 ta aholi tomorqa yerlariga suv chiqazildi, hatto suv serobligidan qaqrab yotgan yerlar “koʻllab ketdi” degan yoʻsinda qalbaki dadolatnomalar tuzilib, shunga bop hisob-fakturalar ham yasaldi. Evini qilib, tuman hokimligi qoshidagi loyihalarni foydalanishga qabul qilish kommisiyaga taqdim qilib, tasdiqlatib ham olishdi. Shu yoʻsinda katta miqdordagi 118 800 000 soʻm byudjet mablagʻlari rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilindi.
Ushbu xolat yuzasidan Jinoyat ishlari boʻyicha Uchkoʻprik tuman sudi tomonidan jinoyat ishi koʻrilib, sud majlisida sudlanuvchi “kattakonning” koʻrsatmalari tinglandi, jinoyat ishi hujjatlari obdon oʻrganildi. Pirovardida uning jinoiy harakatlari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan malakalanib, aybdorga nisbatan tegishli jazo tayinlandi.
Aytish joizki, M. Xamroboyev sud majlisida aybiga toʻliq iqror boʻldi, pishaymonlik chekdi, qilmishidan boshini egdi, lekin xalq tilida aytganda “Poyezd ketib boʻlgandi”.
Abror Omonov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Uchkoʻprik tuman sudining raisi