Mazkur Nizom «Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida», «Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida»gi qonunlar, Prezidentning 30.10.2018-yildagi “Tovar bozorlarida savdoni yana-da erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5564-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Tijorat banklarining inkassatsiya xizmati (bundan keyin – inkassatsiya xizmati) faoliyatining asosiy maqsadi – xoʻjalik yurituvchi subyektlar, banklar, banklarning filiallari va alohida boʻlinmalariga tegishli boʻlgan naqd pul va boshqa qimmatliklarini shartnoma asosida daxlsizligi (butligi)ni taʼminlagan holda inkassatsiya qilish, tashish hamda kuzatib borish.
Inkassatsiya xizmati naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish hamda kuzatib borishni va uning daxlsizligini taʼminlash maqsadida xizmat qurolidan foydalangan holda, shuningdek ixtisoslashgan xizmat kiyimida va maxsus avtotransport vositalari orqali inkassatsiya brigadasi tomonidan amalga oshiradi.
Inkassatsiya xizmati xodimlarini xizmat qurollari va uning oʻq-dorilari bilan taʼminlash, ularni saqlash, foydalanish hamda hisobini yuritish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Inkassatorlar xoʻjalik yurituvchi subyektlardan pul tushumlarini yigʻish yoʻnalishlari va ularning tashrif vaqti jadvallari inkassatsiya xizmati tomonidan tuziladi. Inkassatsiya yoʻnalishlari va inkassatorlar guruhini panalab himoyalash rejasi joylardagi ichki ishlar organlari bilan kelishiladi hamda zaruratga qarab, yangilab boriladi.
Nizomda inkassatsiya xizmatini tashkil etish, ularni xizmat qurollari va kiyimi, maxsus avtotransport, radioaloqa vositalari hamda boshqa himoya vositalari va h.k. bilan taʼminlash boʻyicha boshqa talablar ham koʻrsatilgan.
Inkassatsiya xizmati bank Kengashi tomonidan (bir necha banklar tomonidan tashkil etilganda – ularning Kengashlari tomonidan birgalikda) tasdiqlangan Ustav asosida faoliyat yuritadi. Maxsus avtotransport vositalari hamda tashiladigan naqd pul va boshqa qimmatliklar sugʻurta qilinishi shart.
Inkassatsiya xizmatiga, agar ish bevosita naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish va kuzatib borish bilan bogʻliq boʻlsa, Qurolli Kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan, sogʻlom, oʻqotar qurollar boʻyicha bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan shaxslar qabul qilinadi. Hujjat bilan inkassatsiya xizmati xodimlariga qoʻyiladigan boshqa talablar ham belgilangan.
Nizomda quyidagilarga nisbatan qoʻyiladigan talablar ham belgilangan:
- inkassatsiya xizmatining maxsus avtotransport vositalariga;
- inkassatsiya xizmatining bino va inshootlariga;
- inkassatsiya xizmatini tashkil etish boʻyicha qoʻyilgan talablarga muvofiqligini nazorat qilish.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 30.06.2020-yildan kuchga kirgan.