Istiqbolli tarmoqqa investitsiya kiritib, uni yanada rivojlantirish amaliyoti dunyo tajribasida ommalashgan. Tabiiyki, mablag' kiritayotgan investor kelgusida bundan yaxshigina naf ko'rishni chamalaydi. Manfaatdor tashkilot ham qo'shimcha mablag' hisobiga ishini yanada kengaytirib, daromadini oshiradi. “Sizdan ugina, bizdan bugina” tamoyiliga asoslangan bunday hamkorlikni sodda qilib ikki yoki ko'p tomonlama manfaatli kelishuv, deyish mumkin.
Joriy yilning 25—27-aprel kunlari poytaxtimizning “O'zekspomarkaz” milliy ko'rgazmalar majmuasida bo'lib o'tgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro ko'rgazmasi ana shunday manfaatli kelishuvlarga boy bo'ldi. Yurtimizda ikkinchi bor o'tkazilgan joriy yilgi ko'rgazmaning ko'lami yanada kengayganiga guvoh bo'ldik. Bu gal Toshkent xorijlik yirik investor va yuqori darajadagi mehmonlarga nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyaviy hamda iqtisodiy salohiyati bilan tanishish, o'zaro konstruktiv muloqot uchun qulay maydon yaratib berdi.
Yirik sanoat haftaligida dunyoning o'ndan ziyod mamlakatidan 700 dan oshiq ishlab chiqarish kompaniyalari va biznes delegatsiyalari ishtirok etdi. Qatnashchilar ko'rgazma maydonining turli bo'limlarida o'z stendlarini o'rnatib, mahsulotlarini namoyish etish barobarida, B2B uchrashuvlarda o'zaro muloqot qilib, hamkorlik aloqalarini o'rnatdi. Suhbatlar davomida sanoatni rivojlantirishning ustuvor vazifalari va istiqbolli mexanizmlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish yo'llari, iqtisodiy o'sishning omili sifatida sanoat innovatsiyalarini joriy qilish imkoniyatlari belgilab olindi. Tadbirlar va biznes uchrashuvlar natijasida investitsiyaviy bitimlar, eksport va import shartnomalari hamda kelishuvlarga erishilgani ko'rgazmaning asosiy jihatlaridandir.
Mehmonlar haftalik doirasida yurtimizning turli hududlari, qator korxona va tashkilotlarda bo'lib, iqtisodiy, sanoat va investitsiyaviy imkoniyatlarimiz bilan bevosita tanishdi. Investorlar uchun yaratib berilgan sharoit va imkoniyatlar ularda katta qiziqish uyg'otdi. Mamlakatimizning so'nggi yillardagi iqtisodiy o'sish ko'rsatkichlarini ham yuqori baholashdi. Bu jihatlar tashqi hamkorlik aloqalarimiz kengayib, yurtimizning xorij davlatlari bilan savdo aylanmasi o'sib borayotganida ham ko'zga tashlanayotgani ta'kidlandi.
Sanoat ko'rgazmasining ilk kunidanoq Rossiya va O'zbekiston tomon yangi hamkorlik kelishuvlari o'rnatishga kirishdi. Xususan, Rossiyaning Omsk viloyati va O'zbekistonning Jizzax viloyati o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha 2022-2023-yillarga mo'ljallangan “yo'l xaritasi”, Navoiy va Nijniy Novgorod viloyatlari o'rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan va boshqa qator bitimlar imzolandi.
Mehmonlar elektrotexnika sanoatiga ham katta qiziqish bildirdi. SHu yo'nalishdagi mahalliy korxonalar MDH mamlakatlari, Rossiya, Belarus va Tatariston kabi respublikalarning kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalar bo'yicha kelishuvga erishdi.
Mirziyod YUNUSOV,
“O'zeltexsanoat” uyushmasi raisi:
— Nufuzli ko'rgazma doirasida “O'zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, ushbu yo'nalishda qo'shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish, pirovardida, yangi eksport bozorlariga chiqish maqsadida yirik sanoat kompaniyalari bilan ikki tomonlama bitimlar imzolandi. Birgina Rossiyaning “Energorazvitie” boshqaruv kompaniyasi bilan umumiy qiymati 15 million dollarlik 2 ta kelishuv shartnomasi tuzdik. Unga ko'ra, tomonlar elektromobillar uchun quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarish bo'yicha 2023-2025-yillarga mo'ljallangan yangi loyihani amalga oshiradilar.
Bilamizki, oxirgi yillarda elektromobillarga talab oshib boryapti. Bunday avtomobillar nafaqat ekologik toza, balki anchayin kamxarjligi bilan xaridorlarni o'ziga jalb etmoqda. Qolaversa, “yashil energetika”ga o'tib, atrof-muhitga chiqayotgan zaharli gazlar ko'rsatkichini maksimal darajada kamaytirishni maqsad qilgan dunyo mamlakatlari ko'proq elektron transport vositalaridan foydalanish tarafdori.
Yurtimizda ham bu jarayon faollashib boryapti. Bu yil ilk bor poytaxtimiz ko'chalarida elektrobuslar harakatlana boshladi. Xorijdan olib kelinayotgan elektromobillar soni ham sezilarli oshgan. Davlat statistika qo'mitasining so'nggi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yil yanvar`-mart oyida O'zbekiston 9 ta xorij davlatidan qiymati 13,5 million dollarga teng bo'lgan 455 ta elektromobil import qilgan. Bu o'tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 barobar ko'p. Elektr tokida harakatlanadigan transport vositalarini o'zimizda ishlab chiqarish ishlari ham boshlangan. Farg'onada Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda elektromobil` ishlab chiqarish loyihasi yakuniy bosqichga etish arafasida. Toshkent shahri va Qo'qonda esa elektr skuterlar ishlab chiqarish to'liq o'zlashtirildi.
Bu jarayon elektr quvvatlash shahobchalariga bo'lgan talabni ham oshirib boryapti. Shunga mos ravishda “Toshelektroapparat” XK tomonidan elektromobillarni quvvatlash uskunasi mahalliylashtirilib, 2021-yildan ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Yillik quvvati 200 donani tashkil etadi. Hozirda ushbu qurilma Toshkent shahrining 8 ta nuqtasida o'rnatilgan. Endilikda, ularni maxsus stantsiya ko'rinishida Farg'ona vodiysi yo'li, Samarqand va Jizzax yo'nalishlaridagi qatnov qismiga o'rnatish rejalashtirilgan.
Ammo bu mavjud talabni to'liq qoplash uchun hozircha yetarli emas. Rossiya tomoni bilan imzolangan kelishuv asosida bu boradagi hajm yanada oshadi. Shuningdek, hamkorlar tomonidan energetika sohasidagi obyektlarni kompleks loyihalashtirishni amalga oshirish bo'yicha loyiha tashkiloti tuzilib, sohadagi texnik xodimlarni o'qitish, qayta tayyorlash markazi ham tashkil etiladi. Tashkilot vakillarining fikricha, kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar mahsulotlarning eksport imkoniyatlarini kengaytirib, yangi bozorlarga yo'l ochadi.
Sanoat ko'rgazmasi davomida, shuningdek, “Ruselektro” elektr mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar milliy uyushmasi bilan anglashuv memorandumi imzoladik. Mazkur uyushma o'z tarkibida elektr energetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalarni birlashtirgan. Endilikda, biz ana shu kompaniya vakillari bilan yangi istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishimiz mumkin. Bu borada dastlabki uchrashuvlar o'tkazilib, loyihalarni ishlab chiqish mexanizmlari yuzasidan o'zaro fikr almashildi. Yaqin va uzoq muddatlarga rejalashtirilgan loyihalar birin-ketin ishga tushiriladi.
Xalqaro ko'rgazmada “O'zeltexsanoat” uyushmasining a'zo kompaniyalari ham faol ishtirok etdi. Muzokaralar davomida “Yuqori Chirchiq Energy Systems” MCHJ bilan Belarus` Respublikasining “Energokomplekt” ICHB MCHJ o'rtasida umumiy qiymati 5 million dollarlik, Tatariston Respublikasining “TESK” korxonasi bilan esa 1 million dollarlik hamkorlik bo'yicha kelishuvlarni imzolashga erishdi. Belarus va Tatariston kompaniyalarining asosiy faoliyati kabel`-sim mahsulotlari ishlab chiqarish va sotishdan iborat. Ular mazkur bozorda uzoq yillik tajribaga ega.
Bu borada yurtimizda ham oxirgi yillarda o'sish ko'rsatkichlari oshib borayotganini kuzatish mumkin. Joriy yil birinchi choragi yakunlariga ko'ra, “O'zeltexsanoat” uyushmasiga a'zo korxonalar tomonidan 1,5 trillion so'mga yaqin kabel`-sim mahsulotlari ishlab chiqarilgan. 20 turdagi mahsulotlar 30 dan ortiq davlatlarga eksport qilindi. eksport hajmi 106,3 million dollarni tashkil etmoqda. YUqoridagi kelishuvga ko'ra esa, O'zbek—Belarus qo'shma korxonasi tashkil etiladi. Xorijiy kompaniya bilan hamkorlik orqali ikkala tomonning ham savdo hajmi ortishi kutilmoqda.
Umuman, “INNOPROM. Markaziy Osiyo” sanoat haftaligi ko'plab mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun xorijiy hamkorlar topish, eksport salohiyatini kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish kabi imkoniyatlar maydoniga aylandi. Investitsion loyihalar mamlakatimiz iqtisodiy rivoji, aholi farovonligi va bandlik darajasining ortishi, sanoat mahsulotlari eksportining sezilarli o'sishiga xizmat qiladi.