Bu yerda islom dini, xususan, hadis ilmi taraqqiyoti, alloma ilmiy merosining zamonaviy axborot texnologiyalari orqali namoyish etilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Imom Buxoriy innovatsion muzeyi jami 9 pavilyondan tashkil topgan. Ularda namoyish etiladigan barcha mediamahsulotlar, interaktiv oʻyinlar, animatsiyalar, mepping va boshqalar bevosita “Outdoor Factory” kompaniyasining yuqori malakali mutaxassislari hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy-ijodiy guruhi aʼzolari bilan hamkorlikda tayyorlangan.

1-pavilyon “Muhammad alayhissalom va nubuvvat tarixi” deb nomlanib, u bir necha tematik boʻlim — Qurʼoni karimda ismlari zikr qilingan paygʻambarlar haqida maʼlumotlardan (ekspozitsiya tushuntirish matni va interaktiv infokiosk koʻrinishida) iborat. Matnda barcha paygʻambarlarni birlashtirib turuvchi umumiy xislatlar va fazilatlar, ularning vazifalari Qurʼoni karim va hadisi shariflarda kelgan maʼlumotlar asosida yoritib berilgan. Har bir ism ustiga bosilganda oʻsha paygʻambar haqida qisqacha axborot, matn soʻngida Muhammad alayhissalom paygʻambarlarning eng oxirgisi ekani haqida maʼlumot beriladi. Rasuli akram alayhissalomning ismlari, sifatlari va ularning maʼnolari ekspozitsiyada kalligrafik freska uslubida yasalgan.

Muhammad alayhissalomning shajaralari ekspozitsiyadan oʻrin olgan yirik hajmdagi daraxt shaklidagi interaktiv infokiosk yordamida namoyish etilgan. Unda interaktiv usulda tomoshabinga shajaradan oʻrin olgan har bir ism haqida toʻliqroq maʼlumot olish imkoni beriladi.

Paygʻambar alayhissalomning dunyoga kelishi va nubuvvatning boshlanishi (ekspozitsiya shahar maketi va proyeksion videofilm koʻrinishida), hujrai saodatning qayta tiklangan koʻrinishi proyeksion videofilm shaklida aks ettirilgan.

Hiro gʻorida ilk vahiy nozil boʻlishi (maketda Hiro gʻori va uning atrofi) ifoda etilgan. Uning ichidagi monitorda Qurʼoni karim “Alaq” surasining ilk besh oyati oʻqilib turadi.

2-pavilyon “Hadis ilmining paydo boʻlishi va rivojlanishi” deb nomlangan boʻlib, unda tomoshabinlarga eksponatlar, infografik, audio va vizual materiallar orqali hadis ilmining paydo boʻlish va rivojlanish tarixi bilan tanishish imkoniyati taqdim etiladi.

Tushuntirish matni yordamida oʻz davrida sahobalarning hadis tinglash, savol berish va ularni yodlab qolish uchun oʻzaro musobaqalashgani yo navbat tutgani haqida axborot, infografik pannoda esa Muhammad alayhissalomdan eng koʻp hadis rivoyat qilgan sahobalar roʻyxati berilgan. Ular orasida Oisha roziyallohu anho kabi ayollarning ham mavjudligi islom olamida ilmiy maktablar rivojida ayollarning oʻrni muhim ekanini anglatadi.

Pavilyonning uchinchi qismida xaritada ilk oʻrta asrlardagi Movarounnahr va Xuroson shaharlarining qadimgi nomlari hamda tarixiy madaniy markazlar va viloyatlar ajratib koʻrsatilgan. Karvon yoʻllari va ular oʻrtasidagi masofalar sayohatlar mashaqqati haqida aniqroq tasavvur shakllantirish maqsadida kun oʻlchamlarida berilgan.

Ekspozitsiya zalining atrofida, xaritada koʻrsatilgan shaharlar ustida movarounnahrlik muhaddis ulamolarning tarjimayi holi va ilmiy merosi haqida maʼlumotlar, vitrinalarda esa muhaddislar asarlaridan namunalar taqdim etilgan.

Galereyada “Sihohi tisʼa” — eng ishonchli toʻqqiz toʻplam va ularning mualliflari haqida maʼlumot beruvchi lavha joylashtirilgan. Unda hadis toʻplami nomi, hadislar soni, muallifining hayot yillari aks ettirilgan. Vitrinalarda muhaddislar asarlarining qoʻlyozma nusxalaridan namunalar qoʻyilgan.

3-pavilyon “Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati” deb nomlangan. Bu qismni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad muzeyga tashrif buyuruvchilar koʻz oʻngida alloma hayoti va ilmiy faoliyatini qayta tiklash, ilmiy merosi naqadar buyuk ahamiyatga ega ekanini koʻrsatib berish hamda yoshlarda ilm-fan bilan shugʻullanishga mehr-muhabbat va ragʻbat paydo qilishdir. Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyatining rivojlanish bosqichlarini uch qismga boʻlish mumkin.

Allomaning ilm ostonasiga qadam qoʻyishida u yashagan xonadondagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit alohida ahamiyatga ega. Ekspozitsiyaning birinchi qismida oʻsha oilaviy muhit gavdalantirilgan. Unda Imom Buxoriyning ota-onasi va allomaning bolaligi haqidagi maʼlumotlar berilgan.

Keyingi qismda Imom Buxoriyning Buxoroda oʻtgan maktab yillari haqida soʻz boradi. U yoshligidan aql-idrokli, oʻtkir zehnli va maʼrifatga havasi kuchli boʻlib, turli fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zoʻr qiziqish bilan egallagan.

Uchinchi qismda 16 yoshga yetganida Imom Buxoriy akasi Ahmad va onasi bilan birga haj ibodatini ado etish uchun Buxorodan Makka sari yoʻl olgani aks ettirilgan. Shuningdek, interaktiv xarita orqali Buxoriyning ilm yoʻlida safar qilgan shaharlari koʻrsatilgan.

Alloma muqaddas shaharlar — Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashab, hadis boʻyicha oʻz bilimini yanada oshirish maqsadida oʻsha paytda ilm-fanning yirik markazlari hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod kabi shaharlarda yashaydi. U joylardagi mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan ham taʼlim oladi, yirik olimlar bilan ilmiy bahs-munozaralarda qatnashadi va tolibi ilmlarga dars beradi.

4-pavilyon “Imom Buxoriy: Buyuk fenomen” deb nomlangan boʻlib, unda allomaning hayoti va faoliyati haqidagi film katta ekranda namoyish etiladi.

5-pavilyonga “Imom Buxoriy fazilatlari” deb nom berilgan. Unda Imom Buxoriyning buyuk ilmiy salohiyati, eng ishonchli hadislarni saralash va avlodlarga qoldirish yoʻlida chekkan ilmiy zahmati, taqvosi, islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi oʻrinda turuvchi asar muallifi ekani, uni butun dunyo eʼtirof etgani, yoshligidan zehni oʻtkir va xotirasi kuchli boʻlgani, ota-onasi va ustoz-shogirdlariga samimiy munosabati kabi jihatlari koʻrsatib berilgan. Ushbu qismda allomaning ilm yoʻlida chekkan mashaqqatlari va sinovlarni yengib oʻtishdagi jasorati haqidagi maʼlumotlar keltirilgan boʻlib, bu, oʻz navbatida, yoshlar qalbida ajdodlar bilan faxrlanish tuygʻusini kuchaytiradi.

Pavilyonning butun hududi boʻylab proyeksiya orqali mavzuni yoritadigan videolar uzluksiz koʻrsatib turiladi. Videofilmlar mavzularga boʻlingan holda ketma-ket davom etib, pavilyonga istalgan vaqtda kelgan tomoshabinga mavzuga tezda kirib olish imkoniyatini beradi.

Buyuk imtihon haqida. Mazkur qismda allomaning ilm talabidagi safarlari, sinovlar girdobi — Bagʻdod, Samarqand va Nishopurdagi imtihonlar, ilm yoʻlidagi mashaqqatlarni sabr-matonat bilan yengib oʻtishi, kundan kunga yuksalishi, darajasi ortib borishi va atrofida ixlosmand shogirdlarining koʻpayishi maketlar orqali koʻrsatilgan.

Imom Buxoriyning betakror xotira egasi boʻlgani haqida film. Ushbu filmda Imom Buxoriyning xotirasi favqulodda kuchli boʻlgani, eshitgan hadislarini darhol yodlab olgani haqida maʼlumot beriladi. Bilamizki, Imom Buxoriy umri davomida 600 mingdan ziyod hadisni  jamlagan, 200 mingtasini roviylari va ularning tarixi bilan birga toʻliq yoddan bilgan. Ushbu maʼlumot animatsion tarzda ekranda namoyish etiladi va allomaning xotirasi qanday boʻlgani bugungi kundagi tushunchamiz asosida koʻrsatib beriladi.

“Imom Buxoriy avlodlari” nomli 6-pavilyonda yosh tomoshabinlarga muzey konsepsiyasidan oʻrin olgan mavzular bilan oʻyinli interaktiv eksponatlar orqali tanishish, oʻrganish imkoniyati berilgan. Yosh tomoshabinlar uchun muzeylarning bolalar boʻlimida olgan ilk tajribasi ular ongida mavzu haqida yetarlicha tasavvur shakllanishida muhim ahamiyatga ega.

Uchar gilamda tarixga sayohat 5D filmi 7 yoshdan yuqori boʻlgan tomoshabinlarga oʻrta asrlardagi islom olami shaharlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Tomoshabinlar Imom Buxoriy borgan qadimgi shaharlarga sayohatga taklif etiladi. Film namoyishi davomida undagi voqea va hodisalar bilan hamohang harakatlanuvchi maxsus oʻrindiqda oʻtirgan tomoshabinlar oʻzini qadimiy maskanlar boʻylab uchar gilamda sayohat qilayotgandek his etadi.

Yosh Muhammad ibn Ismoil bilan birga xotira oʻyini. Imom Buxoriyning ilmiy merosi va allomaning shaxsiy fazilatlari bevosita xotira bilan bogʻliq. U bolaligidan maʼlumotlarni tez va bexato yodda saqlab qolish salohiyatiga ega boʻlgan. Allomaning bunday fazilati haqida tasavvur shakllantirish uchun yosh tomoshabinlar xotira bilan bogʻliq interaktiv oʻyinga taklif etiladi. Oʻyinning asosiy qahramoni sifatida yosh Imom Buxoriy qiyofasi aks etadi.

Hamma tomonlariga interaktiv proyeksiya tushirilgan maxsus xonada tomoshabinlarni yosh Muhammad ibn Ismoil kutib oladi. 10-15 daqiqa davom etadigan interaktiv mashgʻulotda bir necha tomoshabin jamoa shaklida ishtirok etishi mumkin.

7-pavilyon “Al-Jomeʼ as-sahih” — Islom dinining ikkinchi manbasi” deb nomlangan. Bu asar hadisshunoslik sohasida umumeʼtirof etilgan moʻtabar kitob boʻlib, islom olamida Qurʼoni karimdan keyingi manba hisoblanadi. Shu sababli ushbu pavilyonda mazkur buyuk toʻplamning ilmiy-amaliy, hayotiy ahamiyatini koʻrsatib berish maqsad qilingan.

8-pavilyon “Imom Buxoriy merosi va bugungi kundagi ahamiyati” deb nomlangan. Hozirgi yoshlar tarbiyasida alloma asarlari va hadislarining ahamiyati yuqori ekanini inobatga olib, muzeyning ushbu qismiga alohida eʼtibor qaratilgan. Pavilyon markazidagi yirik lavh ustida “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining katta hajmdagi maketi oʻrin olgan. Uning atrofidan yozuv qogʻozi oʻngdan chapga qarab, soat harakatiga teskari ravishda, shiftga tomon aylanib, koʻtarilib chiqqan. Qogʻozning boshlanish qismida toʻplamdagi birinchi hadis — paygʻambar alayhissalomning “Albatta, amallar niyatga bogʻliqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi boʻladi” soʻzlari 22 ta turli xorijiy tilda goʻzal xattotlik usulida yozilgan. Qogʻozning davomi (mato shaklida) pavilyon boʻylab aylanishda davom etadi. Matolar orasi keng boʻlib, matnlarni bemalol oʻqish mumkin. Ushbu hadis kundalik hayotimizda sodir boʻlayotgan barcha amallar oʻzagini tashkil etadi. Shuningdek, ushbu pavilyon devorlaridagi mavjud ekranlarda uch tilda Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” asaridan tanlangan hadislar joylashtirilgan.

 “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy islohotlar va Imom Buxoriy merosiga eʼtibor” deb nomlangan 9-pavilyonda mustaqillik yillarida va yangi Oʻzbekiston davrida amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlar, xususan, hadis ilmining sultoni — Imom Buxoriyning vatan, millat va din manfaatlari yoʻlida qilgan xizmatlarini munosib baholash va ruhini shod etish maqsadida alloma maqbarasi atrofida olib borilgan obodonlashtirish ishlari, uning ulkan merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish va xalqimizga yetkazishga qaratilgan tarjima va nashr ishlari, Imom Buxoriy asarlarini yurtimiz va jahon jamoatchiligi orasida keng targʻib etish maqsadida qabul qilingan huquqiy-meʼyoriy hujjatlar haqida maʼlumot berilgan.

Ushbu qismda Imom Buxoriy maqbarasining mustaqillikdan oldingi holatini aks ettiruvchi maket joylashtirilgan va yonida majmua haqida maʼlumot yozib qoʻyilgan. Shuningdek, maqbaraning yangilangan koʻrinishidagi maketi ham joy olgan boʻlib, u haqida ham qisqacha maʼlumot beriladi. Mustaqillik yillarida obodonlashtirilgan holatdagi ziyoratgoh maketi ham mavjud.

Yangi Oʻzbekistonda alloma hayoti va ilmiy merosini oʻrganish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani va Imom Buxoriy majmuasi butunlay yangi qiyofaga kirganini aks ettiruvchi koʻrgazmalar ham pavilyondan oʻrin olgan. Bunda quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratilgan:

— 2016-yilning 18-oktyabrida Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi yonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgani koʻrsatilgan;

— Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida: “Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy oʻz ahamiyatiga koʻra islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan”, deya ilk bor eng katta minbarda Imom Buxoriy nomini tilga olib, ulugʻ alloma ilmiy merosi ahamiyatini jahon ommasiga ochib bergan.

Pavilyonning alohida qismidan “Imom Buxoriy” oliy ordeni vitrinasi oʻrin olgan. Unda ordenning oʻzi, uni taʼsis etish boʻyicha hujjatlar nusxalari joylashtirilgan. Yuqoridagilarga qoʻshimcha tarzda 9-pavilyon devoriga Saudiya Arabistoni Podshohi Fahd ibn Abdulaziz tomonidan sovgʻa qilingan kisva — Kaʼbapoʻsh osilgan boʻlsa, boshqa joyda turli mamlakatlar rahbarlari tomonidan Imom Buxoriy majmuasiga hadya qilingan Qurʼoni karim nusxalari joylashtirilgan.

Muzeyning chiqish qismi Imom Buxoriyning soʻnggi yillarda nashr etilgan asarlariga oid eksponatlar bilan toʻldirilgan. Ushbu qismdan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tomonidan amalga oshirilgan “Al-Jomeʼ as-sahih” asarining oʻzbek tilidagi eng yirik tarjimasi boʻlmish “Oltin silsila: Sahihul Buxoriy” (8 jildli) kitoblari, allomaning ikkinchi bosh asari boʻlmish “Al-adab al-mufrad” kitobiga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tomonidan yozilgan sharh asosida nashr etilgan “Odoblar xazinasi” (4 jildli) kitoblari, “Birrul volidayn” (“Ota-onaga yaxshilik qilish”) kitobi, “Sahihi Buxoriy” sharhi” kitoblari (27 jildli) va “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalining shu choqqacha nashr etilgan nusxalari oʻrin olgan.

Bugun yangi Oʻzbekistonda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy yoʻnalishda, xususan, allomalar ilmiy merosini oʻrganish va xalqimiz orasida keng targʻib qilish boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buyuk bobokalonlarimiz abadiy qoʻnim topgan joylarni obodonlashtirish, asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish, xalqimiz orasida keng targʻib etish shular jumlasidan. Mazkur tadbirlar natijasi oʻlaroq, hozirgi kunda Imom Buxoriy majmuasi toʻliq yangidan barpo etilib, uning tarkibida Imom Buxoriy muzeyi ochildi. Yuqorida keltirilganidek, mazkur muzey eng soʻnggi texnologiyalar bilan taʼminlangan boʻlib, turli qiziqarli va qimmatbaho eksponatlarni, jozibador maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan. Muzeyning alloma hayotining turli jihatlarini alohida aks ettirgan boʻlimlarga taqsimlangani ziyoratchilarga maʼlumotlarni tizimli va tushunarli tarzda yetkazish imkonini beradi. Bunday ulkan bunyodkorlik ishlari yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri