2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida pedagogik taʼlimni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish va sifatli pedagog kadrlar tayyorlash vazifalari qoʻyilgan. Mazkur strategiya asosida xalq taʼlimini rivolantirish boʻyicha milliy dastur qabul qilindi. Ushbu yangi hujjatda oliy pedagogik taʼlim boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish alohida belgilangan. Bu borada innovatsion pedagogikaning ahamiyati yuqori boʻlib, uning vositasida pedagogik taʼlimni rivojlantirish va salohiyatli mutaxassislar tayyorlash mumkin.
Innovatsion pedagogika hozirgi davr texnologik taraqqiyotining eng soʻnggi yutuqlariga asosan, oliy pedagogik taʼlimni rivojlantirishga yangicha yondashuvlarni taqdim etib kelmoqda. Chunki pedagogikaning bu tarmogʻida asosiy eʼtibor oliy pedagogik taʼlim jarayonini yangicha asosda amalga oshirish va yangi texnologiyalarni puxta egallagan kadrlar tayyorlashga qaratiladi.
Shu sababli, innovatsion pedagogikaning negizlaridan biri xalqaro hamkorlikdir. Uning vositasida innovatsion pedagogika taʼlim va kadrlar tayyorlash jarayonini kuchaytirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu borada keyingi yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida oʻziga xos tajriba toʻplandi. Jumladan, 2018-yil universitetimiz Belarus davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda oʻzbek-belarus innovatsion pedagogika qoʻshma fakultetini tashkil etdi.
Bundan maqsad oʻzbek va belarus pedagogik tajribasini uygʻunlashtirgan holda oliy pedagogik taʼlimni amalga oshirish hamda innovatsion kompetensiyalarga ega, oliy maʼlumotli muallimlar tayyorlash edi. Oʻzbek pedagogik taʼlim jarayonida yangilik boʻlgan mazkur qoʻshma fakultet faoliyati murakkab pandemiya sharoitiga toʻgʻri keldi. Biroq tomonlarning tajribasi va innovatsiyaga intilishi natijasida qoʻshma fakultet toʻlaqonli faoliyat yurita boshladi.
Pedagogik taʼlimning muhim yoʻnalishlaridan boʻlgan logopediya, maktabgacha taʼlim va amaliy psixologiya boʻyicha qoʻshma xalqaro pedagogik taʼlimni amalga oshirish hamda mazkur yoʻnalishlarda innovatsion kompetensiyalarga ega pedagog kadrlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Natijada ushbu yoʻnalishlarda samarali faoliyatni tashkil etish yuzasidan memorandum imzolandi.
Oliy pedagogik taʼlim 3+1 tizimi boʻyicha yoʻlga qoʻyilib, asosiy eʼtibor boʻlgʻusi kadrlarning nazariy va amaliy koʻnikmalarini uygʻun tarzda shakllantirishga qaratildi. Oʻquv jarayonining uch yili Toshkent davlat p yedagogika universitetida va bir yili Belarus davlat pedagogika institutida oʻtkazilishi belgilangan. Shu bois, oʻquv dasturlari oʻzbek va belarus pedagogikasining milliy tajribasi hamda xalqaro baholash taʼlim dasturlari qoidalari asosida ishlab chiqildi.
Oʻquv adabiyotlari ham xalqaro pedagogik tajribalar asosida shakllantirilib, elektron, oflayn hamda onlayn namunalari tayyorlangan holda taʼlim jarayoniga joriy etildi. Buning natijasida 2018–2020-yillarda pandemiya tufayli taʼlim jarayoni ZOOM platformasi asosida tashkil etildi. Belarus tomonidan 20 nafar tajribali professoroʻqituvchi 24 oʻquv fani boʻyicha onlayn/oflayn shaklda maʼruza, amaliy seminar va mashgʻulotlarni zamonaviy auditoriyalarda oʻtdi.
Bu jarayonda taʼlim beruvchilar va bilim oluvchilar innovatsion texnologiyalar imkoniyatiga tayangan holda teng ishtirok etganini eslash joiz.
Birinchidan, oʻqituvchilar va talabalar ilk bor oʻqitishning onlayn shakliga duch kelgan edi, bu borada tajriba kam edi.
Ikkinchidan, onlayn taʼlim jarayoni ijodiy izlanishni talab etdi.
Uchinchidan, tashkil etilgan yoʻnalishlar, yaʼni logopediya, maktabgacha taʼlim va amaliy psixologiya koʻp hollarda taʼlimning oflayn — bevosita muloqot shakliga asoslangan. Shu sababli, mazkur yoʻnalishlarda onlayn rejimda yangicha pedagogik taʼlimni qoʻllash kerak edi.
Toʻrtinchidan, bu jarayonlarning barchasi murakkab ijtimoiy sharoitda izlanish, ijodiy yondashish va yangicha munosabatlarga asoslangan holda oliy pedagogik taʼlimni kutilgan darajada amalga oshirishga turtki berdi. Bu orada taʼlim jarayonini amaliy jihatdan kuchaytirishga xizmat qiluvchi xalqaro ilmiyamaliy anjumanlar, tanlovlar, uchrashuvlar hamda tajriba almashuvlar keng yoʻlga qoʻyildi. Natijada qoʻshma fakultet faoliyati kengayib, talabalarning ilmiy, kasbiy va ijodiy faolligi ortdi.
Asosiy eʼtibor xalqaro miqyosda oʻtkaziladigan taʼlim tadbirlari vositasida boʻlgʻusi pedagoglarning kasbiy bilim, koʻnikma va malakasini nazariy va amaliy jihatdan uygʻun shakllantirishga qaratildi. Bunday imkoniyatlar natijasida 20212022 oʻquv yilidan boshlab qoʻshma fakultetda maktabgacha va bosh langʻich taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha sirtqi taʼlim jarayoni yoʻlga qoʻyildi. Joriy yilda fakultetimizning ilk bitiruvchilari kasbiy va amaliy faoliyat uchun yoʻllanma oldi.
Ularga Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Belarus davlat pedagogika universitetining diplomlari tantanali topshirildi. Iqtidorli talabalar oliy pedagogik taʼlimning eng muhim, dolzarb muammolari boʻyicha izlanishlar olib borayotgani va amaliy ishlanmalar yaratayotgani ustozshogird anʼanasi samarasidir. Jumladan, fakultetda tahsil oluvchi 70 nafarga yaqin iqtidorli yigit-qiz xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda hamda tanlovlarda qatnashib, munosib oʻrinlarni egalladi.
Xususan, talabalarimiz Belarus, Rossiya, Polsha, U kraina, Qozogʻiston kabi mamlakatlarning nufuzli anjumanlarida ilmiy maqolalari, ishlanma va taqdimotlari bilan faol ishtirok etdi. Bugun oliy pedagogik taʼlim jarayonida innovatsion xalqaro hamkorlik asosida yuqori malakali pedagog kadrlarni tayyorlash koʻlami kengayib bormoqda.
Prezidentimizning shu yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlarida xorijiy nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni zamonaviy talablar asosida yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosi jarayonida fakultetimiz faol ishtirok etishi uchun faoliyatning yangi yoʻnalishlari belgilab olingan.









