Innovatsion rivojlanish vaziri Koreya Respublikasi elchisi Kim Xi Sang bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 14 Dekabr 2022 1101

    Innovatsion rivojlanish vazirligida joriy yil 14-dekabrda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Bugungi kunda Oʻzbekiston va Koreya Respublikalari oʻrtasida strategik hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, xususan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Koreyaning koʻplab davlat tashkilotlari va yirik kompaniyalari bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalar amalga oshirilyapti.

    Jumladan, tomonlar Toshkent shahar Bektemir tumanida “Aqlli shahari” barpo etish, CAR-T texnologiyalar transferi, Innovatsion tumanlarda aqlli tibbiyot, innovatsion hududlarda innovatsiyalarni akseleratsiya qilish boʻyicha Koreya tajribasini tatbiq etish yoʻnalishlaridagi loyihalar boʻyicha fikr almashdilar. Shuningdek, 2023-yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Innoweek.uz-2023” innovatsion gʻoyalar haftaligida ishtirok etish uchun koreyalik olimlar, innovatorlar hamda startap korxonalar vakillarini jalb etish masalasi muhokama etildi.

    Oʻz oʻrnida, vazir va elchi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Koreya Respublikasi Ilm-fan va axborot texnologiyalar vazirligi bilan aloqa oʻrnatish va hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha ishlarni amalga oshirishga kelishib oldi.

    Uchrashuv davomida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha fikr almashildi, mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish va kelgusidagi rejalar muhokama etildi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Sh. Turdiqulova boshchiligida joriy yil sentyabr hamda Innovatsiyalarni joriy etish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi direktori O.Tuychiyev boshchiligida vazirlik delegatsiyalarining joriy yil noyabr oylarida Koreyaga tashrifi davomida tegishli davlat tashkilotlari, mahalliy hokimiyat vakillari va kompaniyalar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar natijasida ilgari surilgan loyihalar yuzasidan maʼlumot almashildi va kelgusidagi hamkorlik rejalari kelishib olindi.

    Kim Xi Sang hamkorlikdagi loyihalar doirasida elchixona yaqindan yordam koʻrsatishi maʼlum qilindi hamda loyihalar qamrovini kengaytirish boʻyicha takliflar bildirdi. Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Kim Xi Sang Innovatsion rivojlanish vazirligining Koreya bilan hamkorlikda amalga oshirish uchun imkoniyatlar koʻlamini yuqori baholadi va muhokama etilgan yoʻnalishlarda hamkorlikda ishlash boʻyicha vazirlikka koʻmakdosh boʻlishga tayyorligini bildirib oʻtdi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.