Niderlandiyaning “IN ME” (“Innovation Media”) ilmiy-ommabop jurnalida Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning “Oʻzbekiston Respublikasida innovatsion rivojlanish” nomli maqolasi chop etildi.

Maqolada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshlagan keng koʻlamli islohotlar iqtisodiyotning liberallashuvi hamda aholi turmush darajasining oshishiga xizmat qilayotgani, jumladan, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor vazifasi etib etib belgilangani haqida soʻz boradi.

Shuningdek, 2017-yili Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilganidan beri bajarilgan ishlar, ularning iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy hayotdagi ahamiyati, ilmiy va startap loyihalarni moliyalashtirish, xususan, yoshlarning ilmiy gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, ilmiy sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga urgʻu berilgan. Innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni tijoriylashtirish, texnologiyalar transferi, Oʻzbekistonda pandemiya oqibatlarini yumshatish boʻyicha qilingan ishlar haqida maʼlumot berilgan.

“IN ME” jurnali “Stroomi B.V.” kompaniyasi tomonidan taʼsis etilgan boʻlib, unda Niderlandiyadagi elchixonalar, hukumat va xalqaro tuzilmalar, biznes, logistika, transport, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat klasterlari, qayta tiklanuvchi energetika sohasi uchun texnologiyalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, startaplar haqidagi maqolalar chop etiladi.