Safardan maqsad Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi oʻrtasidagi ilmiy, ilmiy-texnikaviy va innovatsion faoliyat sohasidagi uzoq muddatli samarali munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish, hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini belgilashdan iborat.
23-avgust kuni delegatsiya aʼzolari Innovatsion rivojlanish vazirligi Yevropaning geografik jihatdan qoq markazida joylashgan Velikiy kamen (Great Stone Industrial Park) maxsus iqtisodiy zonasiga bordilar. Safar davomida delegatsiya parkning investorlar va aholi uchun beradigan imkoniyatlari, rivojlanish tarixi va infratuzilmasi bilan tanishdilar.
Great Stone sanoat parki Belarus va Xitoy davlatlarining hamkorlikdagi ulkan loyihasidir. U 112,5 kvadrat km maydondan iborat boʻlib, sanoat va turarjoy binolarini, moliyaviy va ilmiy tadqiqot markazlarini, idora va savdo-dam olish majmualarini birlashtiruvchi zamonaviy ekologik toza hududdir. Park Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahridan 25 km uzoqlikda, xalqaro aeroport, temir yoʻllar va Berlin-Moskva transmilliy avtomagistrali yaqinida joylashgan.
Birinchi bosqichda 850 gektar maydonda barcha kommunikatsiyalar qurilishi yakunlandi. Hududga sanoat va transport obyektlari, turarjoylar va ijtimoiy obyektlar, ofis va savdo va koʻngilochar majmualar, moliyaviy va tadqiqot markazlari kiradi.
Ikkinchi bosqichda ishlab chiqish doirasida multimodulli temir yoʻl terminalini yaratish rejalashtirilgan. Bosh rejaga koʻra, kelajakda bu yerda 130 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Sanoat parkida yuqori texnologiyalar va raqobatbardosh innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Elektronika, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo, biotexnologiya, mashinasozlik, yangi materiallar, kompleks logistika, elektron tijorat, katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlash yoʻnalishlari rivojlantiriladi hamda ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlari olib boriladi.
Safar davomidagi muzokaralar natijasida mazkur sanat parki va Innovatsion rivojlanish vazirligi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishildi. Birinchi qadam sifatida Great Stone sanoat parki vakillari Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan shu yilning noyabr oyida oʻtkaziladigan InnoWeek-2021 Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligida qatnashadi.
“Yashnobod” innovatsion texnoparki direktori Sh.Sharifov innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida “Yashnobod” innovatsion texnoparki va Great Stone sanoat parki bilan hamkorlikda qoʻshma startap loyihalarni rivojlantirish taklifini berdi. Shuningdek, tomonlar qoʻshma biznes-inkubator loyihasini yoʻlga qoʻyish masalasini muhokama qilib, ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha tegishli shartnomalarni imzolashga kelishdilar.