Innovatsion rivojlanish vazirligi va Qozon milliy tadqiqot texnologik universiteti (KMTTU) oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 18 Noyabr 2021 1783

    Qozon milliy tadqiqot texnologik universiteti bilan Jizzax viloyatida “innovatika” yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlash masalasi muhokama qilindi.

    Joriy yil 17-noyabrda Jizzax viloyati Innovatsion rivojlanish boshqarmasi boshligʻi Mansur Musayev tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Qozon milliy tadqiqot texnologik universiteti (KMTTU) oʻrtasida videokonferensaloqa orqali suhbat boʻlib oʻtdi.

    Unda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari va KMTTU universiteti oʻrtasida taʼlim va fan, shuningdek Jizzax viloyatida “innovatika” yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlik oʻrnatish masalalari muhokama qilindi. Keng formatda boʻlib oʻtgan muzokaralar doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi va KMTTU oʻrtasida memorandum imzolash hamda yoʻl xaritasini shakllantirish masalasi koʻrib chiqildi.

    KMTTUning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Dilbar Sultonova innovatsion gʻoyalarni loyihaga, loyihani esa pulga aylantirish masalalari boʻyicha maslahatlar berdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi Inson kapitalini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Fazilat Qodirova fan doktorlari va PHD doktorlarini KMTTUga malaka oshirishga yuborish taklifini berdi.

    Tatariston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakili Aydar Axtareyev ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni har tomonlama rivojlantirish, hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.