Anjumanda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy taʼlim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va vazirlik huzuridagi Yoshlar akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika yosh olimlar kengashi faollari ishtirok etdi.
Anjumanni akademiya boshligʻi, general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi Oʻzbekistonda innovatsion rivojlanish strategiyasi izchil amalga oshirilayotgani, oliy taʼlim muassasalarida innovatsion va texnologik gʻoyalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, yosh olimlarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlash, yangi gʻoyalar ustida ishlash va xalqaro tajribalar asosida yaratilayotgan ixtirolarini amaliyotga keng tatbiq etish yoʻlida olib borilayotgan izlanishlarni alohida taʼkidladi.
Shuningdek, anjuman ishtirokchilari tomonidan davlatimiz rahbarining “Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya boʻlmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish boʻlmaydi. Bu sohadagi oʻzgarishlarni xalqimizga keng targʻib qilmasak, odamlarda koʻnikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam boʻlolmaymiz” degan soʻzlari eʼtirof etildi.
Anjumanning amaliy qismida ixtirochilar, yosh olimlar va tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan ixtirolarning namoyishi oʻtkazildi. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar va Mudofaa vazirligi hamda tegishli vazirliklarning zamonaviy texnikalari va maxsus-avariya qutqaruv mashinalari, asbob-anjomlari va vositalari bilan tanishtirish hamda badiiy va maxsus adabiyotlar yarmarkasi tashkil etildi.
Anjuman yakunida tashkilotchilar tomonidan “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi ilmiy ishlanma”, “Eng yaxshi innovatsion gʻoya” kabi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblarga sertifikat va tashakkurnomalar topshirildi.
Farhodjon XOJAYEV,
Favulodda vaziyatlar vazirligi
akademiyasi katta oʻqituvchisi, mayor