Inomjon Majidov: “Qishki taʼtil tugaydi va darslar yana davom etadi”

    Ta'lim 6 Yanvar 2021 1637

    2020-yil barcha sohalar qatori taʼlim tizimidagi anʼanaviy jarayonlarga ham taʼsir koʻrsatdi. Xususan, oliy taʼlim tizimiga qabul uchun test jarayonlari ham yangicha shakl va sharoitda boʻlib oʻtdi. Shuningdek, talabalar onlayn oʻqishi, foydalanishi uchun onlayn platforma yaratildi.

    Ayni shu masalalar va ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilayotgan fikrlar yuzasidan oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vaziri Inomjon Majidov OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.

    – Oliy taʼlim tizimi oldida doimo yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdek masʼuliyatli vazifa turadi, – deydi Inomjon Majidov. – Pandemiya tufayli koʻplab rejalarimizni oʻzgartirish, taʼlim muassasalarida anʼanaviy taʼlimni masofaviy (onlayn) taʼlim shakliga oʻtkazishga toʻgʻri keldi. Ammo taʼlimning anʼanaviy va ilgʻor texnologiyalariga oʻtishga boʻlgan tayyorgarlik ishlari bir daqiqa ham toʻxtamadi. Oʻtgan 2020-yil hammamiz uchun sinovli boʻldi.

    Ammo yurtimizda pandemiyaning chekinayotgani tufayli talabalar va ularning ota-onalari bildirgan takliflarni inobatga olgan holda har bir oliy taʼlim muassasasining taʼlim yoʻnalishi xususiyatidan kelib chiqib, hozirgi vaqtda oʻquv jarayonini bosqichma-bosqich 2020-yil 16-noyabr – dushanba kunidan anʼanaviy taʼlim shaklida davom ettirishga qaror qilindi.

    Taʼlimning anʼanaviy shaklda tashkil etilishi, albatta, oliy taʼlim muassasasi jamoasiga qoʻshimcha masʼuliyat va vazifalar yuklaydi. Shu bois ham, avvalo talabalarning sogʻligʻini asrash, ularning sifatli taʼlim olishi uchun yetarli shart-sharoit yaratish choralari koʻrildi.

    Har bir oliy taʼlim muassasasida hududiy Sogʻliqni saqlash birlashmalari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari jalb qilingan holda tezkor shtab tashkil etildi.

    Kurslar boʻyicha oʻquv jarayonini tashkil etish sxemasi ishlab chiqilib, tabaqalashtirilgan vaqt soatlari asosida dars jadvallari tuzildi.

    Afsuski, pandemiya sharoitida yashash, mehnat qilish va oʻqishga koʻnikishimiz, eng asosiysi – farzandlarimiz sifatli taʼlim olishni davom ettirishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishimiz kerak. Farzandlarimizning sifatli taʼlim olishi va yetuk kadrlar boʻlib yetishishi uchun barchamiz birday masʼulmiz.

    Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda taʼlim jarayonini tashkil etish bilan bogʻliq turli gaplar, fikrlar bildirilmoqda. Shu bois taʼlim jarayonini tashkil etishda haftalik oʻquv kunlari oliy taʼlim muassasalari tomonidan mustaqil belgilanishi xususida aytib oʻtsam.

    Haftalik oʻquv kunlari oʻquv rejasidagi haftalik yuklamalar asosida belgilanadi. Bugungi kunda oʻquv rejalaridagi fanlarga ajratilgan haftalik yuklamadan kelib chiqadigan boʻlsak, haftalik oʻquv kuni 5-6 kunga toʻgʻri keladi. Bunda talabaning hamda professor-oʻqituvchining kunlik yuklamasi ham oshib ketmasligi lozim.

    Barcha oliy taʼlim muassasalari tomonidan oʻquv jarayonini anʼanaviy tarzda boshlash boʻyicha grafik ishlab chiqilgan. Grafik asosida 2021-yil 11-yanvardan barcha OTMlarning tegishli kurslarida oʻquv jarayoni anʼanaviy shaklda boshlanadi.

    Maʼlumot uchun aytish kerakki, OTMlarda anʼanaviy darslar oʻtgan 2020-yil 16-noyabrdan boshlangan. Hamma OTM oʻz ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib grafik ishlab chiqqan va bundan keyin ham shunday chorani koʻradi. Joriy yil 11-yanvarda qishki taʼtil tugaydi va darslar yana davom ettiriladi.

    Ayrim bemor talabalar yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar oʻqishlarini onlayn shaklda davom ettirishi mumkin. Bunda ularning ahvoli OTM rahbariyati tomonidan alohida oʻrganib chiqiladi va xulosa qilinadi.

    Shu bilan birga juda koʻpchilikni qiziqtirgan toʻlov-kontrakt miqdorining oshishi yoki oshmasligi masalasi ham muhim boʻlib turibdi.

    Maʼlumki, 2021-yil 1-fevraldan boshlab respublikamizda ish xaqi va stipendiyalar miqdorlari 10 foizga oshirilishi belgilandi. Pandemiya sharoitida respublika aholisining toʻlov qobiliyati pasayganligini hisobga olib, farzandi davlat oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan oilalarga yengillik yaratish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy oʻquv yilidagi amaldagi toʻlov-kontrakt miqdorlari oʻzgarishsiz saqlab qolinayapti. Bu aholi, talabalarimiz uchun eng quvonchli va foydali xabardir. Bu yilda ham tizimdagi islohotlar jadal davom etadi.

    Talabalarimiz ham shunga javoban, oʻz ustida muntazam ishlab, shu yurt koriga yaraydigan mutaxassis boʻlishga intilishi lozim.