“Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi” DUK tomonidan “Unutilmas qahramonlar” turkumi ostida yangi hujjatli filmlar suratga olinmoqda. Mazkur filmlardan biri vatandoshimiz Inoyat Navroʻzboyev haqida.
Inoyat Navroʻzboyev 1918-yilda tugʻilgan, ikkinchi jahon urushida pulemyotchi sifatida qatnashgan. Dnepr daryosi boʻyidagi jangda katta jasorat koʻrsatgan hamda “Oltin yulduz” faxriy medali bilan muokofotlangan.
Mazkur turkum hujjatli filmlar Ikkinchi jahon urushida jasorat koʻrsatgan yurtdoshlarimiz haqida boʻlib, urushda qozonilgan gʻalabaning 76 yilligiga bagʻishlanadi. Postanovkachi rejissyor Navroʻza Biynazova “Inoyat Navroʻzboyev” filmining suratga olish jarayonlari haqida soʻzladi:
“Ijodiy guruhimiz bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl tumanida boʻldik. Qahramonimiz, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi kichik leytenant Inoyat Navroʻzboyev shu hududda tugʻilib katta boʻlgan, urushdan qaytib kelib sovxozlarni boshqargan. Toʻrtkul tumanida 3 kunlik syomka jarayonlarida deyarli barcha epizodlar olindi. Inoyat Navroʻzboyev yoshligini Shahzod Maʼrufjonov ijro etdi. Hozirda filmning montaj jarayonlari boshlandi”
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati