"INSON" AJ sugʻurta tashkiloti 173 nafar fuqaroga sugʻurta tovoni toʻlab beradi

    "INSON" AJ sugʻurta tashkiloti "Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonunning 5-19-moddalari talablari buzilgan deb topilib, jami 173 nafar fuqaroga sugʻurta tovoni toʻlab beradigan boʻldi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Raqobat qoʻmitasi "INSON" AJ sugʻurta tashkiloti tomonidan fuqarolarga sugʻurta tovoni toʻlab berilmayotganligi sababli ish qoʻzgʻatgani haqida xabar bergan edi.

    Mazkur ish Qoʻmitaning Maxsus komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mutaxassislari, "INSON" AJ tashkiloti vakillari va Qoʻmitaga murojaat qilgan fuqarolar ishtirokida koʻrib chiqildi.

    "Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida"gi Qonunning 4-moddasiga koʻra, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning qoplanishini taʼminlash majburiy sugʻurtaning asosiy tamoyili hisoblanadi.

    Mazkur Qonunning 8-moddasiga muvofiq, fuqarolik javobgarligining yuzaga kelishi sugʻurta hodisasi hisoblanmaydigan holatlar keltirilgan boʻlib, unda koʻrsatilgan oqibatlardan tashqari hollarda transport vositasi egalarining fuqarolik javobgarligi yuzaga kelgan taqdirda jabrlanuvchilarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zarar oʻrni qoplanishi kerak. Ushbu moddaga koʻra, transport vositasini boshqarishga ruxsat etilgan shaxs sifatida majburiy sugʻurta shartnomasiga kiritilmagan holatlar — sugʻurta hodisasi hisoblanmasligi hamda sugʻurta tovonini toʻlashni rad etishga asos boʻlishi belgilanmagan.

    Majburiy sugʻurtaning asosiy prinsiplaridan va «Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonunchilikka koʻra, isteʼmolchiga tovarlar savdosi, maishiy va boshqa turdagi xizmat koʻrsatishning qoidalari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berishi shartligi hamda isteʼmolchi maxsus bilimga ega emasligi, shuningdek, isteʼmolchining ish, xizmat haqidagi notoʻgʻri yoki yetarli darajada toʻliq boʻlmagan maʼlumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi talablaridan kelib chiqib Maxsus komissiya tomonidan "INSON" AJ sugʻurta tashkiloti "Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi Qonunning 5-19-moddalari talablari buzilgan deb topilib, oʻtgan vaqt davomida sugʻurta tovoni toʻlab berish rad etilgan jami 173 nafar fuqaroga sugʻurta tovoni toʻlab berilishi yuzasidan qaror qabul qilindi. Shuningdek, sugʻurta tashkilotiga qonun buzilishini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan koʻrsatma berildi.

    Maʼlumot oʻrnida, Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi boʻlgan tomon Qoʻmitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.